10:20 / 05.03.2023
27539

Blinkenning tashrifi, sariq jilet hangomasi va chirigan olmalar - hafta dayjesti

Bitta kompaniyaga 350 ta maktab, o‘quvchilarga esa chirigan olmami? O‘qituvchi va shifokorlarga taalluqli yangi qonunlar amalda qanchalik ishlaydi? AQSh hukumatidagi birinchi raqamli vazir Toshkentga nega keldi? Yakunlanayotgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.

Shunchaki uzr so‘rattirish bu jazo emasligini, davlat ishlari uzrbozlikka emas, qat’iy qonunlarga asoslanishini tushungan kunimiz rivojlanish tomon katta qadam tashlagan bo‘lamiz.

Yodingizda bo‘lsa, dekabr oyida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga toshday qattiq pryanik tarqatgan korxona rahbari uzr so‘rash bilan qutulgan edi. Ya’ni birgina uzr bilan masala yopilib ketgan, mas’ullardan hech kim bolaning tishini sindiradigan darajadagi qattiq yegulik uchun budjetdan pul to‘langaniga qiziqib o‘tirmagandi.

Oqibatda nima bo‘ldi? Tayinli jazo bo‘lmaganidan keyin, bunaqa holatlar davom etyapti. Qoraqalpog‘iston parlamenti tomonidan Kegeyli tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, tumandagi qator maktablarda bolalarga sifatsiz mahsulotlar va chirigan olma berilgan. Bundan tashqari, yeguliklarning miqdori ham kam bo‘lgan, ayrim maktablarda mahsulotlar sifatini tekshirib oluvchi komissiya tuzilmagan.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi bu boradagi o‘rganish ishlarini butun respublikada o‘tkazishi, mas’uliyatsiz maktab direktorlari jazolanishini ma’lum qildi. Lekin Kun.uz surishtiruvi gap faqat direktorlarda emasligini ko‘rsatyapti. Gap shundaki, Qoraqalpog‘istondagi 716 ta maktabdan salkam 350 tasiga yegulik yetkazib berish huquqi bitta korxonaga berib yuborilgan. Natijada yeguliklar sovutkichli maxsus mashinalarda tashilishi kerak degan talab bajarilmagan. Aniqroq aytganda, qonunchilikdagi bu talabning bajarilmasligi avvalboshdayoq ma’lum bo‘lgan. Kegeylidagi sifatsiz mahsulotlar tarqatilgan maktablar ta’minoti ham “Tabassum Nukus” nomli aynan shu korxonaga topshirilgan. Ya’ni chirigan olma boshqa tumanlardagi maktablarga ham tarqatilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, yana yuzdan ortiq maktabda o‘quvchilarni professional keytering kompaniyasi emas, quruvchi kompaniya ovqatlantiryapti. Bunday deyishimizga sabab, tenderlarning yana bir yirik g‘olibi bo‘lmish “Alliance Aral-S” firmasining asosiy faoliyat yo‘nalishi – oziq-ovqat emas, turar joy binolarini qurish.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga budjet hisobidan yegulik berish o‘tgan yili boshlandi. Hujjatlarda “sog‘lom ovqat” deb atalgan narsa “suxoy payok” bo‘lib chiqqani ko‘pchilikni ajablantirgan edi. Bu yil sentabrdan boshlab bunday tartib O‘zbekistondagi hamma maktablarda yo‘lga qo‘yiladi, buning uchun budjetdan 200 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi. Buni esa hamma ham qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q.

Tashabbus tarafdorlarining fikricha, bolalarning maktabda yengil nonushta yoki tushlik qilib olishi foydadan xoli emas; faqatgina jarayon to‘g‘ri tashkil qilinishi kerak, toki bolalarning haqi amaldorlarning oshqozoniga borib tushmasin. Tanqidchilar esa budjet pulini qayerga sarflash bo‘yicha prioritetlarni to‘g‘ri belgilashga chaqiryapti. Masalan, Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 419 tasida bufet ham, oshxona ham yo‘q. Hatto choy damlash va o‘sha berilayotgan olmalarni yuvish uchun ham sharoit yetarli emas. Normal hojatxona haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Toshkentda maktablarga ichki ishlar xodimlari biriktirildi

Bolalar mavzusini davom ettiramiz. Shu hafta Toshkentdagi hamma maktablarga ichki ishlar xodimlari biriktirildi. Ular ertalab soat 7:00da maktabga kelib, kun davomida maktab va uning atrofidagi ko‘chalarda patrullik qiladi. Bolalar maktabdan qaytadigan paytda ayniqsa odam kam yuradigan ko‘chalar alohida nazorat ostida bo‘ladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining maktablardagi vakillari – voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar sinflarning Telegram'dagi guruhlariga qo‘shildi.

Shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, oxirgi paytlarda poytaxtda bolalarning o‘g‘irlab ketilishi haqida feyk xabarlar ko‘p tarqalayotgani sababli shunday qarorga kelingan. Patrullik xizmati bolalarning xavfsizligini ta’minlashi, ota-onalar har qanaqa shubhali xabarlar bo‘yicha inspektor-psixologlarga murojaat qila olishi aytilyapti.

Mas’ullarga ko‘ra, oxirgi 2 oy ichida bolalarni o‘g‘irlashga urinish haqida 6ta xabar kelib tushgan, lekin ularning hammasi feyk bo‘lib chiqqan. Umuman, rasmiylarning aytishicha, Toshkentda oxirgi 5 yilda bola o‘g‘irlanishi bo‘yicha birorta ham jinoyat qayd etilmagan.

O‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilish – jinoyat

O‘zbekistonda o‘qituvchilarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarni qilishga majburlash rasman jinoyat deb e’lon qilinyapti. Hozirgacha bu ma’muriy huquqbuzarlik edi. Shu hafta Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, qaysidir amaldor ma’muriy jazo olganidan keyin ham tap tortmasdan, o‘qituvchilarga takroran begona ishlarni buyursa, ikkinchi safar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Jazo – hozirgi kundagi bazaviy hisoblash miqdorida 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 2 barobarga oshirilyapti.

Rasmiylarning aytishicha, bu qonun pedagoglarni bo‘lar-bo‘lmas tadbirlarga noqonuniy jalb qilish, har xil ishchi guruhlar tarkibiga qo‘shish, ulardan turli hisobot va ma’lumotlarni talab qilaverish kabi muammolarga yechim bo‘lishi kerak. Lekin shunisi e’tiborliki, buni aytayotgan senatorlar avvalroq kiritilgan moddalar amaliyotda ishlayaptimi-yo‘qmi, bu haqda gapirishmadi. Yuqorida aytganimizdek, o‘qituvchilar ishiga aralashishni taqiqlovchi norma ma’muriy kodeksda bungacha ham bor edi, lekin bu modda asosida nechta amaldorga nechta jarima yozilgan – noma’lum. Shunisi aniqki, bu raqamlar haqiqiy hayotdagi majburlashlar sonidan karrasiga kam.

Senatning 2 mart kungi majlisida tibbiyot xodimlarini himoya qilish bo‘yicha ham yangi qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish ma’muriy javobgarlik kodeksiga kiritiladi. Jarima miqdori fuqarolarga 1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha bo‘ladi. Tibbiy faoliyatga to‘sqinlik qilgan mansabdorlar esa 2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi yoki 15 sutkagacha qamalishi mumkin.

Tibbiyot xodimlariga to‘sqinlik uchun jazo kiritilishi haqida anchadan beri aytib kelinadi. Lekin uzoq kutilgan bu qonun ham amaliyotda nimanidir o‘zgartirishiga ishonish qiyin. Chunki bemorning jahl ustidagi qarindoshini 1,5 mln so‘m jarima bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi. Albatta, jismoniy kuch ishlatilgan taqdirda boshqa moddalar ham qo‘shiladi. Lekin muammoning sabablariga qarab aytish mumkinki, tibbiyotning sifati, tibbiyot xodimlarining obro‘yi va maoshi ko‘tarilmas ekan, ularga qarshi tajovuzlar davom etaveradi.

Bu boradagi oxirgi holat shu hafta ro‘y berdi. Toshkentning Sergeli tumanida bemorning tanishi tez yordam feldsheriga tahdid qilgan. Uni himoya qilmoqchi bo‘lgan tez yordam haydovchisi esa kaltak tagida qolib, bosh miyasi chayqalgan, burni singan. Mushtumzo‘r erkak ustidan jinoyat ishi ochildi.

Sariq jilet hangomasi va tezlik pasayishi

Trotuarda ketayotgan piyodalar ham sariq rangli jilet kiyishiga to‘g‘ri kelishi haqidagi xabar haftaning eng shov-shuvli voqeasi bo‘ldi. Davlat axborot agentligi ichki ishlar tizimidagi rasmiy mulozimning so‘zlariga asoslanib tarqatgan xabar tez orada rad etildi. Ma’lum bo‘lishicha, gap faqat targ‘ibot haqida ketyapti.

Qisqa qilib aytganda, qorong‘ida ko‘chaga piyoda chiqib ketyapsanmi, joningdan umiding bo‘lsa, sariq jilet kiyib ol. Yo‘llarning holati, yoritilmasligi va avtohalokatlarning ko‘pligi sharoitida bu albatta foydadan xoli emas.

Xayriyatki, avtohalokatlarni kamaytirish yo‘lida uzoq kutilgan choralardan biri shu hafta qabul qilindi. Tasdiqlangan 2022 yilgi davlat dasturiga binoan, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar va tumanlarning markazida maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 ga tushiriladigan bo‘ldi. Bu yangilik 1 apreldan kuchga kirishi kerak. Eslatib o‘tamiz, dastur loyihasida tezlikni barcha aholi punktlarida 60 ga tushirish taklif qilingandi. Bu taklif inobatga olinmadi, nega inobatga olinmagani bo‘yicha ham hozircha biror izoh berilmadi.

Energetika xabarlari

Ai-80 markali benzinning aksiz solig‘idan ozod qilinishi yil oxirigacha uzaytirildi. Natijada 1 martdan keyin ham benzin narxi o‘zgarishsiz qoldi. Eslatib o‘tamiz, bu imtiyoz qishda, energiya inqirozi sabab gaz shoxobchalari uzoq vaqt yopiq bo‘lganida benzin narxini tushirish uchun vaqtincha joriy etilgan edi. Endilikda Ai-80 uchun nol foizlik aksiz solig‘i 31 dekabrgacha amal qiladi.

1 martdan, shuningdek, Rossiyadan gaz importi ham boshlanmadi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, tomonlar yo‘l xaritasida ko‘rsatilgan muddat ichida aniq kelishuvga erisha olmagan. Bu borada qo‘shimcha o‘rganish ishlari ketyapti.

Oxirgi bir oy ichidagi, ya’ni Rossiya bilan gaz masalasida yo‘l xaritasi imzolanganidan keyingi yangiliklarga qarasak, hukumat rus gaziga emas, quyosh energiyasiga ko‘proq umid bog‘layapti. Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev bu boradagi ishlar qanaqa ketayotgani bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda aytilishicha, hozir qurilayotgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilgach, xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi miqdori 1,5 barobarga ko‘payadi. Eslatib o‘tamiz, bu haqda prezident parlamentga murojaatida ham aytib o‘tgandi. Katta stansiyalardan tashqari, tadbirkorlarning binolariga, ijtimoiy soha obektlariga va aholi uylariga jami 1,7 GW quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi ham reja qilinyapti.

Blinken – Toshkentda

Haftaning asosiy siyosiy voqeasi – AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning tashrifi bo‘ldi. U avvaliga Ostonada Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi, ertasiga Toshkentga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.

Tahlilchilarning fikricha, tashrifdan asosiy maqsad – Qozog‘iston va O‘zbekistonni Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermaslikka chaqirishdir. Bundan tashqari, rasman Amerikaning to‘rtinchi darajadagi odami hisoblanuvchi Blinken o‘z tashrifi orqali AQSh Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.

Blinken Ostonada ham, Toshkentda ham matbuot anjumanlari o‘tkazdi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalardan ko‘rgan yo‘qotishlari uchun AQShdan kompensatsiya oladi. 25 mln dollarlik kompensatsiya mintaqamizda savdoni diversifikatsiya qilish va ish o‘rinlari yaratishga sarflanishi aytildi.

Amerikaning bosh diplomati agar Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qilsa, AQSh qanaqa yordam beradi, degan savolga aniq javob bermadi. Davlat kotibi o‘z javobida Amerika Markaziy Osiyo mamlakatlariga xavfsizlikni mustahkamlash va iqtisodiy farovonlikka erishish uchun yordam berayotganini aytdi. Blinken Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshilik qila olayotganiga sabablardan biri sifatida ukrain xalqining erkinligini tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ham Ukraina kabi inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlasa, ayniqsa so‘z erkinligini himoya qilsa, ehtimoliy bosqin ro‘y bergan taqdirda buning samarasi albatta ko‘rinadi.

“Rossiya bu yerda va dunyoning boshqa qismlarida juda kuchli propaganda va dezinformatsiya tizimini yaratgan. Erkin, mustaqil, ochiq ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bunga eng yaxshi javob bo‘ladi”,dedi Blinken Toshkentdagi matbuot anjumanida.

Entoni Blinken Toshkentga tashrifi vaqtida mahalliy ommaviy axborot vositalari orasidan Kun.uz'ga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni ingliz va o‘zbek tillarida YouTube kanalimizda tomosha qiling.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Sirdaryo tumani hokimi o‘quvchi qizlarga non yopishni o‘rgatish tashabbusi bilan chiqib, tanqidga qoldi. U odamlar uyida non yopmaydigan bo‘lib ketgani, natijada dalada g‘o‘zapoya qolib ketayotganini aytdi. Tanqidchilarning fikri esa tushunarli: odamlar o‘z uyida non yopishi – kambag‘allikning belgilaridan biri. Rivojlangan jamiyatda hamma o‘z ishini qiladi. O‘zi uchun non yopish, o‘zi uchun kiyim tikish va hokazolar farovon jamiyatlar uchun begona. Insoniyat mehnat taqsimoti qanchalik foydali ekanini ibtidoiy davrlardayoq tushunib bo‘lgan.

Yangilangan Malibu XL avtomobilining narxi e’lon qilindi. Biroz oshgan narxlar375 mln so‘mdan 419 mln so‘mgacha. Damas, Cobalt va Gentra uchun esa salkam uch oydan beri shartnoma berilmayapti. UzAuto Motors qatorasiga to‘rtinchi yil aynan mart oyida narxlarni oshirishga tayyorlanyapti.

Diniy qo‘shiq uchun 5 yilga qamalgan Sardor Rahmonqulov ozodlikka chiqarildi. 21 yoshli yigit 3 yil oldin Telegram orqali sinfdoshiga nashida yuborgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Payshanba kuni apellyatsiya sudi hukmni shartli jazoga o‘zgartirib, 2 yil sinov muddati bilan ozodlikka chiqardi. Ozodlikka chiqqan Sardor uni qo‘llagan hammaga rahmat aytib, IT bilan shug‘ullanishda davom etishini bildirdi.

Toshkent markazida, sobiq MXX binosining o‘rnida 22 qavatli mehmonxona quriladigan bo‘ldi. Binoni 2 yil oldin sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli kompaniya xususiylashtirib olgandi. Shu kompaniya otel qurish bo‘yicha Radisson mehmonxonalar guruhi bilan kelishuv tuzgan. Shunisi e’tiborliki, o‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yangi qurilishlarni boshlashga vaqtincha moratoriy kiritilishini e’lon qilgandi.

Saytimizda haftaning eng ko‘p o‘qilgan xabarlaridan biri – To‘ra Bobolovning yangi lavozimi ma’lum bo‘ldi. Surxondaryoning sobiq hokimi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bundan tashqari O‘zbekiston-Ozarboyjon ishbilarmonlar kengashining O‘zbekiston tomonidan hamraisi degan lavozimni ham egalladi. Eslatib o‘tamiz, Bobolov bir qator mojarolardan keyin, dekabr oyida hokimlikdan olingandi.

Top