Bu qishda yirik yurish qilish uchun ikki tomonda ham imkoniyat va asoslar bor edi. Kuzgi kampaniyani ulkan g‘alabalar bilan yakunlagan Ukraina muvaffaqiyatni Luhansk oblasti g‘arbi va shimolida rivojlantirishga urinib ko‘rishi yoki janubiy yo‘nalishlardan birida - balki bir vaqtning o‘zida bir nechasida - hujum qilishi mumkin edi.

Safarbarlik evaziga saflarini to‘ldirgan Rossiya esa Donbass shimolida tashabbusni qo‘lga olib, Liman atrofida va Xarkiv oblasti sharqida boy berilgan hududlarni qaytarib olishga urinib ko‘rishi, shuningdek, Zaporijjyada va Donetsk oblasti janubida yurish boshlashi kutilgandi.

«General Ayoz» tomonlarning ikkisiga ham xalaqit qildi va shu vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatdi - piyoda qismlar harakati qiyinlashdi, ammo muzlagan tuproqda zirhli texnikalar harakatlanishi osonlashdi. Qishda maskirovka (yashirinish) qiyin, ammo nishonni belgilash oson. Yozda ta’minot muammo - qishda bu yanada yomonroq.

Ukraina qurolli kuchlari strategik mudofaani egallashni afzal ko‘rib, Kreminna atrofida va Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasidan shimoli-g‘arbida lokal hujumlar uyushtirish bilan cheklandi. RF qurolli kuchlari esa frontning turli uchastkalarida faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, asosiy kuchlarini Donetsk oblastida - hudud shimoli-sharqidagi Baxmut atrofida va Donetsk yaqinida jamladi, bu joylarda Ukraina armiyasi oblast markaziga va Zaporijjya oblasti janubidagi Rossiya guruhi ta’minot yo‘llariga tahdid solayotgandi.

Hozirda ikki tomon ham zaxiralarini to‘plamoqda. Ukraina G‘arb mamlakatlaridan qabul qilib olingan harbiy texnikalarni safga chiqarmoqda, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda, shturm qismlarni o‘qitmoqda, yangi bo‘linmalar shakllantirmoqda va bahor-yozdagi yurish uchun rejalar ishlab chiqmoqda. Rossiya o‘ziga meros bo‘lib qolgan sovet harbiy omborlarini inventarizatsiya qilish bilan jadal shug‘ullanmoqda, bu joylarda saqlanayotgan o‘q-dorilarni ekspertizadan o‘tkazmoqda, qurol-yarog‘ ta’minoti uchun qo‘shimcha manbalar qidirmoqda, safarbar qilinganlarni o‘qitmoqda va yilning issiq davri uchun rejalar tuzmoqda.

Frontdagi vaziyatning qisqacha sharhi

Xerson oblasti

Dniproning o‘ng sohilidan chekingach, Rossiya bo‘linmalarining katta qismi Ukraina artilleriyasi yetib bora olmaydigan masofadagi ichkari hududlarga olib ketildi. Tutashuv chizig‘i yaqinida, orollar va Kinburn yarimorolida kichik guruhlar joylashtirildi. Ularning asosiy vazifasi - ukrainlar chap sohilga desant tushirishiga yo‘l qo‘ymaslik va xatar haqida ogohlantirishdi.