Aslida, gaz, elektr va toza suv xalq boyligi hisoblanadi. Aholi iste’moli uchun ularga belgilangan tariflar ham juda past. Narxlar davlat tomonidan subsidiyalanadi. So‘nggi paytlarda gaz va elektr uchun aqlli hisoblagichlar o‘rnatildi, ichimlik suvi uchun ham shunday zamonaviy hisoblagichlar joriy etilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, aholi o‘rtasida to‘lov intizomi birmuncha oshdi.

Ammo xususiy biznes va tadbirkorlarni bunga ko‘niktirish qiyin bo‘lyapti. Turli korxonalar suv, gaz, elektrni o‘g‘rincha (demakki, xo‘jasizlarcha) ishlatib, davlat budjetiga katta zarar yetkazish bilan birga, bu ne’matlarning taqchilligiga ham o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Ular bu qilmishini amalga oshirishda asosan energiya resurslari va suvdan hisoblagichsiz foydalanib yoki tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib yoki hisoblagich plombasini buzgan holda ko‘rsatkichlarini o‘zgartirib, katta miqdorda zarar yetkazishadi.

Eng qizig‘i, bu oddiy holga aylanib qolgan. Bu ishga qo‘l urganlar qilmishi jinoyat ekani, o‘g‘rilik ekanini zarracha his qilmaydi. «Qo‘lga tushmadimmi — o‘g‘ri emasman», deb o‘ylashadi, «mabodo qo‘lga tushsam, «gaplashib» ishni hal qilaman», deya xomtama bo‘lishadi.

O‘marishlar ortida nima turibdi?

Albatta, katta pul, manfaat turibdi. Toki ta’minot xususiy qo‘llarga o‘tmas, davlat ixtiyorida qolaverar ekan, sohada o‘g‘riliklar hech qachon tugamaydi.

Eng alam qiladigani, elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti korxonalaridagi korrupsiyaning o‘zi ham mana shunday o‘g‘riliklar avj olishiga sabab bo‘lmoqda va sharoit yaratmoqda.

Chunki «o‘g‘rilik» deganda ular ham birovning uyiga tunda devor oshib o‘tib tunash yoki kimningdir cho‘ntagini qirqishdek mashaqqat talab qiladigan ishni tushunishadi. Aslida, issiq kabinetdagi kresloda o‘tirib, beminnat oqib yotgan tok va gazdan noqonuniy foydalanishga sharoit yaratish ham o‘g‘rilikka sherik bo‘lishning baayni o‘zginasi.

Lekin bizda bunday o‘g‘rilar hamisha ardoqda. Odamlar ularga hattoki «ishning ko‘zini biladigan batadbir insonlar» sifatida havas qilishadi.

Ayniqsa, metan shoxobchalari, turli qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sexlar, issiqxonalar bu borada yetakchi.

Jazosizlik

O‘zim shaxsan guvoh bo‘lgan voqeadan misol keltiraman: tumanlardan birida gaz idorasi rahbari bo‘lib ishlagan inson bir necha yil avval (eski davrda) talon-torojlikda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 1,5–2 yilda jazoni o‘tab ozodlikka chiqib kelgach, u yana tuman gaz idorasiga — avval quyiroq lavozimga qaytdi. Keyin sekin-asta yana rahbarlik lavozimiga o‘tirdi. Yaqinda otasidan qolgan choldevorni buzib, dabdabali uy qurdi. Nima deb o‘ylaysiz, u qaysi daromadlari evaziga bu qurilishni qilgan?