Jahon | 15:15 / 08.03.2023
10607
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin: «Shimoliy oqim»dagi portlashlar atayin uyushtirilgan operatsiya bo‘lishi mumkin

Foto: AP

Berlin OAVda «Ukraina diversiya guruhi» haqidagi xabarlar bo‘yicha ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda va atayin uyushtirilgan operatsiya ehtimoli haqida ogohlantirmoqda

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning fikricha, «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlarini portlatish bo‘yicha diversiya keyinchalik bu jinoyatda Kiyevni ayblash maqsadida uyushtirilgan «maxfiy operatsiya» bo‘lishi mumkin. 8 mart, chorshanba kuni Deutschlandfunk radiostansiyasining efirida u bir qator ommaviy axborot vositalarida ushbu portlashlar yuzasidan chop etilgan surishtiruv bo‘yicha Ukrainani ayblashda shoshilmaslik haqida ogohlantirdi. 

Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Shvetsiyada Yevropa Ittifoqi hamkasblari bilan muzokaralar oldidan bayonot berdi. Kiyevga qurol yetkazib berish masalasi muhokama qilinadigan Stokholm yig‘ilishida Ukraina vaziri Oleksiy Reznikov va NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham ishtirok etmoqda. 

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham OAVda «Shimoliy oqim»da diversiyaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar haqidagi xabarlarda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. «Albatta, biz turli tomonlardan chiqayotgan barcha hisobotlar va barcha xulosalarni juda diqqat bilan kuzatib boryapmiz», dedi u Iroqning Erbil shahrida. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy tergov tugashini kutish kerak. 

Ukraina hukumati «Shimoliy oqim» gaz quvurlari portlatilishiga aloqadorligini rad etdi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov chorshanba kuni Stokholmda jurnalistlarga «Bu bizning harakatlarimiz emas», dedi. Bir kun avval Ukraina prezidentining maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham Twitter’da Ukrainaning Boltiq dengizidagi avariyaga aloqasi yo‘qligini, shuningdek, The New York Times avvalroq «ukrainaparast qo‘poruvchilik guruhlari» haqida yozgan ma’lumotdan xabardor emasligini bildirdi.

O‘z navbatida, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Telegram’da G‘arb davlatlarini Boltiq dengizidagi gaz quvurlaridagi portlashlar bo‘yicha Moskvaning rasmiy so‘rovlariga javob berishga va jurnalistik surishtiruv materiallarini o‘rganishga chaqirdi. 

Mavzuga oid