Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Shimoliy oqim»dagi portlashlar: ikki ukrainalik diversiyaga aloqador bo‘lishi mumkin
Nemis ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, tergov «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlarida diversiya uchun foydalanilgan kemani aniqlagan.
Nemis tergovchilari «Shimoliy oqim»dagi diversiya uchun foydalanilgan kemani aniqladilar. Bu haqda 7 mart, seshanba kuni Germaniyaning ARD, SWR telekompaniyalari va haftalik Die Zeit nashri xabar berdi.
Die Zeit nashrining «Izlar Ukrainaga olib boradi» sarlavhasi ostida chop etilgan xabariga ko‘ra, yaxta ikki ukrainalikka tegishli bo‘lgan Polsha kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan. Kema 2022 yil 6 sentabr kuni Sharqiy Germaniyaning Rostok portidan diversiya harakatlari sodir etilgan joyga ketgan. Xuddi shu joyda, portga oldindan avtomashinada olib kelingan operatsiya uchun zarur bo‘lgan yuklar unga ortilgan. Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, ertasi kuni yaxta Germaniyaning Vik-Dars kommunasida, keyin esa - Daniya Kristiansyo oroli yaqinida, Bornholmdan shimoli-sharqda bo‘lgan.
Kema tozalanmagan holatda egasiga qaytarildi – tergovchilar yaxta salonidagi stol ustida portlovchi moddalar izlarini topdi.
Nashrning yozishicha, diversiya guruhi olti kishidan iborat bo‘lgan: kapitan, ikki g‘avvos, ikkita yordamchi va shifokor. Qayiqni ijaraga olish va Yevropa bo‘ylab harakatlanish uchun soxta pasportlardan foydalanilgan. Diversiyaga kim buyurtma bergani hozircha noma’lum.
Nemis jurnalistlari hozircha Ukraina hukumatidan izoh ololmadilar. Germaniya Bosh prokurori ham izoh berishdan bosh tortdi. Germaniya hukumati vakili faqatgina Germaniya Federal prokuraturasi, shuningdek, Shvetsiya va Daniya rasmiylari tergovni davom ettirayotganini ta’kidladi: «bir necha kun oldin Shvetsiya, Daniya va Germaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga tergov davom etayotgani va hozircha natija yo‘qligi haqida xabar bergan».