NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg seshanba kuni Baxmut yaqin kunlarda Rossiya nazoratiga o‘tishi mumkinligini aytdi, ammo uning so‘zlariga ko‘ra, bu urushda burilish nuqtasi ro‘y berganini anglatmaydi.

Kiyevda bir hafta oldin ham Baxmut tashlab ketilishi mumkinligi haqida signallar berilgandi va to‘g‘ridan to‘g‘ri strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan shahar uchun oxiriga qadar kurashish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytishgandi. Ammo dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokidagi yig‘ilishda Baxmut mudofaasini davom ettirishga qaror qilingani ma’lum bo‘ldi. Seshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general Aleksandr Sirskiy bir hafta ichida to‘rtinchi bor Baxmutga tashrif buyurdi.

Ukraina qurolli kuchlari Baxmut mudofaasini davom ettirishga qaror qilgani harbiy konsepsiya o‘zgarganini anglatadimi? Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Ukraina qo‘mondonligi katta tavakkalchilikka qo‘l urmadimi?

Ukraina qurolli kuchlari uchun qanday xavflar bor?

Javob oddiy: agar rossiyaliklarning Baxmut g‘arbi va janubi-g‘arbdagi mudofaani yakson etishga harakat qilayotgan qanotdagi guruhlari o‘z maqsadiga erishsa va masalan, Chasiv Yar hududida birlashsa, shaharni himoya qilayotgan butun garnizon qurshovda qoladi.

Prigojin Ukrainaning Baxmut mudofaasidagi askarlari sonini 12–20 ming kishiga baholagan va bu haqiqatga yaqin.

Qurshov ehtimoli qanchalik yaqin?

Baxmut mudofaasiga tashlangan bunday yirik guruhni ishonchli tarzda bloklab qo‘yish uchun qanotlardagi mudofaani yakson etishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Birinchidan, buni juda tez va raqib uchun kutilmagan tarzda amalga oshirish kerak. Ikkinchidan, qisqa fursat ichida ichki va tashqi qurshov halqalari shakllantirish va chalg‘ituvchi zarbalar berishga harakat qilish zarur, aks holda yurish qilayotgan qismlar turli tomondan zarbalarga uchrab, parokanda qilinishi mumkin.