XX asr kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Insoniyat osmonda uchdi, fazoga chiqdi. Suvosti kemalari yaratildi. XXI asrda rivojlangan barcha sohalarga tamal toshlari qo‘yildi.

Ayniqsa, yer orbitasi chegarasidan o‘tib ochiq fazoga chiqish insoniyat uchun muhim kashfiyot bo‘ldi. Kosmosga ilk marotaba inson emas, to‘rtta it uchirilganini va ulardan bir jufti Yerga qaytib tushmaganini ko‘pchilik bilavermaydi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoning yirik rivojlangan davlatlari nafaqat geosiyosiy masalalarda, balki qurollanish masalasida ham raqobat qila boshlashadi.

Atom bombasi yaratilgandan so‘ng uni uzoq masofaga tashuvchi ballistik raketalar yaratiladi. Undan keyin kosmosni o‘zlashtirish uchun harakatlar boshlanadi. Biroq bu oson emasdi.

Har ikki jabhada AQSh va SSSR o‘zaro raqobat olib borardi. Sovetlar atom bombasini yaratishda 4 yilga kechikkani uchun (AQSh 1945 yilda, SSSR 1949 yilda ilk sinovlarni o‘tkazgan) ballistik raketalar va kosmik parvoz sinovlarini AQShdan oldin o‘tkazishga zo‘r berardi.

Oxir-oqibat sovetlar juda katta xarajatlar va halokatlar evaziga kosmosga parvoz qilishda birinchi bo‘lishdi.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi, 1960 yillar
realt.onliner.by

Ungacha, 1960 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 qit’alararo ballistik raketasi sinov parvoziga sanoqli minutlar qolganda portlab ketadi. Oqibatda, 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

1961 yil 23 mart kuni Moskva viloyatidagi kosmonavtlarni parvozga tayyorlash markazida fojia yuz beradi. Vaznsizlik holatiga moslashish uchun maxsus kabinada bo‘lgan kosmonavt Valentin Bondarenko u yerda sodir bo‘lgan yong‘inda og‘ir tan jarohatlari oladi va shifoxonada vafot etadi.

Har ikkala hodisa nafaqat ommadan, balki davlat xizmatchilaridan ham sir tutiladi. Chunki «dushman» AQSh bu muvaffaqiyatsizliklar haqida xabar topmasligi kerak edi.

Keyinchalik, SSSR tarqab ketganidan so‘ng har ikki halokatning tafsilotlari oshkor bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Korolyov Gagarindan oldin ilk parvozga Bondarenkoni tayyorlagan. U halok bo‘lgach fazoga Gagarin uchirilgan.