Jahon | 08:21 / 14.03.2023
4074
3 daqiqa o‘qiladi

HRW: Ukrainadagi internatlarda bolalar haftalar davomida yerto‘lalarda yashiringan

Human Righs Watch inson huquqlari tashkiloti urush boshlanganidan keyin Ukraina maktab-internatlaridagi bolalar taqdiri haqida hisobot e’lon qildi.

Foto: AP

2022 yil 24 fevral holatiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganda, Ukraina maktab-internatlarida 105 mingdan ortiq bola bor edi. Bu haqda Human Righs Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkilotining 13 mart, dushanba kuni chop etilgan hisobotida aytiladi.

Urush ommaviy evakuatsiyaga olib keldi, imkon qadar bolalarni ota-onalariga qaytarishga (90 foiz hollarda ulardan kamida bittasi ota-onalik huquqiga ega edi va urushdan oldin bolani maxsus muassasaga yuborish oiladagi qashshoqlik bilan bog‘liq bo‘lgan) yoki vasiylarga topshirishga harakat qilishdi.

Ukraina Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) bilan hamkorlik qilmoqda, uning monitoringi dasturiga ko‘ra, 39 mingga yaqin bola internatlardan uylariga jo‘natilgan. Biroq, ko‘plab oilalar to‘g‘ri parvarish qilish uchun moliyaviy va boshqa yordamga ega emas, deydi HRW. 2022 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, maktab-internatlarda 25 061 nafar bola qolgan.

Hisobotda Ukraina sharqidagi, front chizig‘iga yaqin joylashgan muassasalardan Lviv viloyati va Polshaga evakuatsiya qilingan bolalar va xodimlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Urush paytida Ukrainadagi maktab-internatlarda tahsil olayotgan ko‘plab bolalar «elektrsiz va suvsiz yerto‘lalarda o‘qqa tutilishidan haftalar davomida yashirinishga majbur bo‘lgan», - deydi HRW. Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, Mariupoldagi muassasalardan birining bolalari 2022 yilning mart oyida Lvivga kelganidan so‘ng to‘rt kun davomida boshqalar bilan muloqot qilishdan bosh tortgan – «shubhasiz, jarohat tufayli», dedi ko‘ngillilardan biri HRW'ga. Hisobotga ko‘ra, o‘nlab maktab-internatlar zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan.

Rossiyada 400 nafar ukrainalik bola oilalarga topshirildi, dedi 2022 yil 28 dekabrda hromadske nashriga bergan intervyusida huquq himoyachisi, Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy markaz (RCHR) advokati Katerina Rashevskaya. «Xalqaro farzand asrab olish qurolli mojarolar vaqtida taqiqlanadi; tinch aholini bosib olingan hududdan majburan olib chiqish urush jinoyati hisoblanadi», - deydi Human Righs Watch bu borada.

Mavzuga oid