OAV: Kreml Moldova ustidan nazoratni tiklash rejasiga ega
Bir qator nemis OAV Kremlning Moldovani G‘arbdan Rossiyaga yo‘naltirish rejasining nusxasini qo‘lga kiritdi. Hujjatda ushbu maqsadga erishishning aniq yo‘llari taklif qilinadi.
Rossiya strategik maqsadni ko‘zlamoqda – Moldovani G‘arbdan yuz o‘girtirib, uni o‘z ta’sir doirasiga qaytarish, deya xabar berdi Germaniyaning WDR, NDR mediakompaniyalari va Süddeutsche Zeitung gazetasi 15 mart, chorshanba kuni Kremlning 2021 yil yozidagi Moldovaga nisbatan rejasi nusxasiga tayanib.
Besh varaqdan iborat hujjat Moldovada rossiyaparast kayfiyatni qo‘llab-quvvatlash va bu davlatning G‘arbga burilishiga yo‘l qo‘ymaslikning aniq yo‘llarini belgilaydi. Moldova bilan bog‘liq strategiyada taklif qilingan choralar Rossiyaning siyosiy, harbiy, savdo-iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi maqsadlariga ta’sir qiladi.
Nemis ommaviy axborot vositalarining yozishicha, ushbu hujjat, aftidan, Belarusni Rossiyaga qo‘shilish strategiyasini ishlab chiqqan mutaxassislar tomonidan tayyorlangan.
Kreml ekspertlari o‘z strategiyasida Moldovani G‘arb bilan qarama-qarshilikning muhim maydoni deb atashadi. Moskvaning yaqin o‘n yillikdagi asosiy vazifasi «tashqi sub’yektlarning bu mamlakat ichki ishlariga aralashish urinishlarini bostirish» deb e’lon qilingan. Tashqi kuchlar deganda NATO nazarda tutilgani aniq.
Hujjatda ta’kidlanishicha, tashqi kuchlarning Rossiya pozitsiyalarini zaiflashtirishga urinishlariga chek qo‘yish kerak. Bunga parallel ravishda Moldovani Rossiya nazorati ostidagi tashkilotlar - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) tarkibiga jalb qilish taklif qilinmoqda. «Mintaqada Rossiya manfaatlariga putur yetkazish»ning oldini olish yo‘llaridan biri iqtisodiy bosim dastagi bo‘lishi kerak – «Moldovaning Rossiya bozoridagi manfaatlarini» eslatish.
Kreml ekspertlari Moldova siyosiy va iqtisodiy elitasida rossiyaparast kayfiyatni kuchaytirishga chaqirgan. Yana bir chora sifatida Moldovada rus tilida ta’limni kengaytirish, jumladan masofaviy ta’limni kengaytirish va ushbu mamlakatda Rossiya universitetlarining filiallarini ochish taklif qilinmoqda. Ushbu strategiya natijasida 2030 yilga borib Moldova jamiyati va siyosiy doiralarida «NATOga nisbatan salbiy munosabat» ildiz otishi va Rossiya ommaviy axborot vositalarining keng ishtiroki ta’minlanishi kerak.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024