Zilzila sababli, Turkiyadagi odamlarning kayfiyati ancha yomonlashdi. Hozirga qadar 48 ming odam vafot etgani aytildi. Taxminan 100 milliard dollarlik zarar kelgani bildirildi. Jami 6200 dan ortiq binolar buzilgani ma’lum.
Erdo‘g‘an, istaganida ham saylovni ortga surishi ancha qiyin bo‘lardi. Chunki zilzilaga qadar saylovni oldinroqqa o‘tkazgan edi. Bu bilan muxolifatning saylovga tayyorlanishiga kamroq imkoniyat qoldirgandi.
Zilziladan so‘ng, Erdo‘g‘anning o‘zi ancha noqulay ahvolga tushib qoldi. Lekin u noumid emas. Tajribali siyosatchi sifatida, hali vaziyatni o‘zining foydasiga o‘zgartirishi mumkin. Saylovga qadar salkam ikki oy bor. Bir vaqtlar Turkiya prezidenti Suleyman Demirel: “Turkiyada hattoki bir kun ham – siyosat uchun juda uzoq muddat” degan edi. Erdo‘g‘an saylovga qadar ikki oy mobaynida ko‘p ish qilishi mumkin.
14 may kuni bo‘ladigan prezidentlik saylovida 60 million turkiyalik ovoz berish huquqiga ega. Turkiyada jamoatchilik fikrini o‘rganish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jamoatchilik fikrini o‘rganadigan o‘nlab tashkilotlar bor. Euronews telekanalida chiqqan, 10 martga qadar bo‘lgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Erdo‘g‘anga 45 foiz, uning asosiy raqibi Qilichdoro‘g‘liga esa 55 foiz saylovchi ovoz berishga tayyor.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya va dunyo uchun nimasi bilan ahamiyatli? Erdo‘g‘an boshqaruvi davrida, Turkiyaning ichki siyosati ham, tashqi siyosati ham, katta o‘zgarishlarga uchradi. Ichki siyosatda, Turkiya din bilan kurashuvchi davlatdan, diniy konservatizmni davlat va jamiyatga integratsiya qilgan davlatga aylandi. Erdo‘g‘an, konservator sifatida, islomga bo‘lgan yashirin kurashni davlat siyosatidan olib tashladi.
Erdo‘g‘an 2003-14 yillarda Turkiya bosh vaziri bo‘ldi, 2014 yildan hozirga qadar esa, kuchaytirilgan prezidentlik boshqaruvida. Erdo‘g‘an boshqaruvi ostida, Turkiyada avtoritar tendensiyalar ancha kuchaydi. Ayniqsa, 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishlardan keyin, avtoritarizmga og‘ishuv kuchaydi. Bugun Erdo‘g‘an tanqidchilari Turkiyada so‘z erkinligi, siyosiy erkinliklar ancha torayganini aytishadi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar ustidan ham nazorat ancha kuchayganini bildirishadi.
Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, ancha vaqt Turkiyada juda katta iqtisodiy o‘sish yuz berdi. 2002-12 yillarda Turkiyaga kiritilgan xorijiy sarmoyalar YaIMning 64% real o‘sishiga sababchi bo‘ldi. Jon boshiga 43% YaIM o‘sishiga erishildi. Lekin, keyingi yillarda Turkiyada iqtisodiy o‘sish keskin sekinlashdi. Inflatsiya juda katta. 2018 yilda bir dollar 3,8 liraga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun salkam 20 liraga yaqinlashib qoldi. Besh yilda turk lirasi deyarli 5 baravar qadrsizlandi.














