16:18 / 20.03.2023
9311

Kiyev: Tinchlik rejasining sharti - Rossiya kapitulyatsiyasi yoki qo‘shinlarni olib chiqib ketishi

Foto: AFP

Kiyev XXR raisi Si Jinpingning Rossiyaga tashrifi chog‘ida muhokama qilinishi kutilayotgan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha Xitoy taklif qilayotgan rejaga yana bir bor izoh berdi

Xitoy tinchlik rejasini amalga oshirishning birinchi va asosiy sharti «xalqaro huquq, BMT Nizomiga muvofiq Rossiya bosqinchi kuchlarini Ukraina hududidagi kapitulyatsiyasi yoki undan olib chiqib ketish», deb yozdi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Oleksiy Danilov Twitter’da.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudi (XJS) bu masalada «xolis pozitsiya»ni egallashi va «ikki tomonlama standartlar»dan qochishi kerak, deb ma’lum qilgandi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi. 

Pekin Ukraina inqirozida xolis va adolatli rol o‘ynashda davom etadi, dedi vazirlik rasmiy vakili Van Venbin 20 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

XXR raisi Si Jinpingning Moskvaga tashrifidan oldin so‘zlagan nutqida u xalqaro huquq normalariga muvofiq davlat rahbarlarining daxlsizligiga ishora qilib, harbiy mojaroni «muloqot va muzokaralar» yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi. Van Venbin, shuningdek, Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik muzokaralarida konstruktiv pozitsiyani egallashini ta’kidladi.

Si Jinpingning Rossiyaga tashrifi 20-22 mart kunlari bo‘lib o‘tadi, Si buni avvalroq «do‘stlik, hamkorlik va tinchlik sayohati» deb atagan edi. Uning doirasida Xitoy rahbari Vladimir Putin bilan uchrashadi. Safar boshlanishidan avval Si Jinping maqola chop etib, unda Xitoyning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi borasidagi pozitsiyasini yana bir bor bayon qildi. U avvalroq taklif qilingan rejani eslatib o‘tdi, uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy mojarodan «ratsional chiqish» va «barqaror tinchlikka yo‘l» taklif qiladi. 

Top