Oxford universiteti akademiklari tadqiqotiga ko‘ra, 2018yilgi ma’lumotlardan kelib chiqilsa, Facebook’da sahifasiga ega foydalanuvchilarning 1,4 milliardi 2100 yilgacha vafot etgan bo‘ladi. Ammo agarda ushbu tarmoq hozirgidek o‘sishda davom etsa, asr so‘ngiga borib vafot etgan foydalanuvchilar soni 4,9 milliardga yetishi mumkin. Osiyo va Afrika yaqin yillarda Facebook’da eng ko‘p vafot etgan foydalanuvchilarga ega bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda ham dunyodagi kabi raqamlashuv tendensiyasi tez davom etyapti. Yildan yilga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni ko‘payyapti.
2022 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko‘rsatkichi quyidagicha:
- Telegram’dan 18 million,
- “Odnoklassniki”dan 16,7 million,
- Facebook’dan 4,7 million,
- Instagram’dan 3,7 million,
- “VKontakte”dan 2,6 million,
- Linkedinʼdan 288 ming,
- Twitter’dan 51,6 ming nafar kishi foydalanadi.
Xo‘sh, biz dunyoda o‘tsak, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga nima bo‘ladi?
Facebook bir nechta profillarga ega foydalanuvchilarga asosiy profillarni saqlab qolib, boshqalarini o‘chirib tashlashni maslahat beradi. Chunki foydalanuvchi vafot etganidan keyin uning asosiy profiliga xotira maqomi beriladi. Bu qanday ishlaydi?
Xotira maqomi berilgan profillar
Facebook “yordam markazi”ning tushuntirishicha, xotira maqomi berilgan profillar – do‘stlar va oila a’zolari uchun odam vafotidan keyin xotiralarini baham ko‘rishlari mumkin bo‘lgan joy. Buning uchun vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshi Facebook’ka so‘rov yuborishi kerak.


















