Xususan, 2023 yil 31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 yashar qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topildi. Gumondor sifatida 29 yoshli erkak qamoqqa olindi. Shuningdek, 8 mart kuni Samarqandda ham 14 yoshli qizni o‘g‘irlab, shahar tashqarisiga olib chiqib ketayotgan shaxs aniqlanib, bu holatda ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlab kelgan erkak qamoqqa olindi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol Kun.uz’ga qilgan murojaatida 6-sinf qiziga o‘qituvchisi tegajog‘lik qilgani haqida xabar bergan. Bu holatni yuqoridagi kabi voqealar ortidan yuzaga kelayotgan qo‘rquv yoki hushyorlik, deyish mumkin. Masala nozikligi tufayli voqea tumanning qaysi mahallasi va maktabida ro‘y berayotganini ochiqlamadik. Biroq xalq ta’limi va huquq-tartibot organlari ushbu voqeadan xabardor.
Holat yuzasidan muxbirlarimiz tumanda bo‘lib, ikki tomonning ham vaj va izohlarini o‘rgandi. O‘qituvchi biz bilan suhbatda ayol turli tashkilotlarga to‘xtovsiz murojaat qilayotgani faoliyatiga salbiy ta’sir qilayotgani, mavzu sudda ham ko‘rilganini aytmoqda.
Tegajog‘likda ayblanayotgan 6-sinf rahbari (erkak o‘qituvchi) bo‘lib o‘tgan voqeani shunday tushuntirdi:
«O‘quvchim dars qoldiravergani uchun ota-onasini chaqirtirdim. Ulardan farzandi nega maktabga kelmagani bo‘yicha tushuntirish xati berishlarini so‘radik. Shundan so‘ng, avvaliga onasi, keyin otasi maktabda janjal ko‘tardi. O‘quvchilar ko‘z o‘ngida yoqamdan oldi, haqoratladi.
Huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Bundan norozi bo‘lgan ota-ona «qizimga tegajog‘lik qildi», deb yozib berdi. Aslida, ular voqea yuz berdi deya iddao qilayotgan vaqtda men butunlay boshqa joyda bo‘lganman, buni sudda ham isbotlab berdim. Aybim — «o‘quvchi nega sababsiz maktabga kelmayapti, kelishini ta’minlang», deb talab qilganim. Ularda eskidan hech qanday adovatim yo‘q. Bu yoza-yozlar oilamga, ish faoliyatimga ham xalal beryapti», dedi ismini sir saqlashimizni iltimos qilgan o‘qituvchi.
Jinoiy ishlar bo‘yicha sud o‘qituvchining foydasiga qaror qabul qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol ikki yil avval — qizi 4-sinfda ta’lim olayotganda ham maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi qiziga tegajog‘lik qilgani haqida huquq-tartibot idoralariga ariza bergan ekan. Biz o‘sha o‘qituvchi bilan ham suhbatlashib, ikki yil avvalgi voqea yarashtiruv bilan yakun topganini bildik. Ikki o‘qituvchi ham muqaddam sudlanmagan va hamisha ta’lim sohasida ishlab kelgan.














