31 yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgan.
Internetda qiz va uning ortidan ta’qib qilib kelgan erkakning videolari tarqalmoqda.
“Kecha kechqurun Telegram-guruhlarda Yangihayot tumanida 12 yashar qizcha bedarak yo‘qolgani va ko‘ngillilar, mahalla ahli hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan qidirilayotgani haqida xabarlar aylana boshladi. Telegramʼda yo‘qolganlarni qidiradigan ko‘ngillilar guruhida kecha soat 22:30 lar atrofida qidiruv e’lon qilindi.
Guruhlarga e’lonlar tarqatishdi, hududga borib qidirishdi. Hamma topilsin deb duo qildi. Onlayn drama, juda tahlikali onlar bo‘ldi. Afsuski, kechasi 2:30 larda qidiruv to‘xtatilgani, qizchaning murdasi mahallasidan, o‘zi yashaydigan uy yaqinidan topilgani aytildi”, deb yozmoqda bloger Shahnoza Soatova.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs marhumaning xonadonida 2022 yilning yozida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan va uyda ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.
Holat yuzasidan Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v,z” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan 29 yoshli erkak Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
“Mazkur ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolar sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlar va boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.










