O‘zbekiston | 19:24 / 11.03.2023
46533
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi pedofil voqeasi: qizaloqni omadli chuqur va Komissar Donayev qutqarib qolgan

Samarqandda o‘smir qizni o‘g‘irlashga uringan shaxs bilan bog‘liq hodisa ko‘pchilikni tashvishga soldi. Ichki ishlar xodimi ekanligi aytilayotgan bu odam qizaloqni shahar tashqarisiga olib chiqib ketayotganda, mashina g‘ildiragi yoriladi. O‘sha imkoniyatdan foydalangan qiz atrofdagilarni yordamga chaqiradi va fojiadan qutulib qoladi.

Kun.uz muxbiri qizaloqni qutqarib qolgan insonlardan voqea tafsilotlarini bilish maqsadida Oqdaryo tumanidagi Boshdarxon mahallasiga bordi.

Boshdarxon Oqdaryo tumanining nisbatan chekkaroq hududida joylashgan mahalla bo‘lib, aholisi oz va turli joylardan ko‘chib kelishgan. Hududda ko‘plab dalahovlilar mavjud, biroz ovloq joy hisoblanadi.

Alisher Sa’dullayev mahalladagi mashina sozlash ustaxonasida shogird bo‘lib ishlaydi. 8 mart – dam olish kuni bo‘lsa-da, u o‘sha kuni ertalab ishga chiqqan. Yosh usta bizga ko‘rganlarini gapirib berdi.

Alisherga ko‘ra, ustaxona yaqiniga oq rangli «Nexia-3» avtomashinasi tez kelib buriladi va chuqurga tushib, balloni dam qo‘yib yuboradi. Haydovchi shunda ham to‘xtamasdan mashinanini haydab ketishga urinadi. Biroz nariga borib mashina ballonini ko‘rishga tushganida, ichkaridan yosh qizcha yugurib kelib, yordam so‘raydi. Begona odam mashina eshiklarini ichkaridan qulflab, boshqa joyga haydab ketganini aytadi.

Yosh usta vaziyatni ustozi Komissar Donayevga aytadi.

Donayevning ma’lum qilishicha, haydovchi biroz vaqtdan so‘ng ustaxonaga qaytib kelgan. Mashina ballonini almashtirib berishni so‘ragan. Qizning gaplari va vaziyatdan xulosa qilgan usta haydovchiga savol bera boshlagan. Haydovchi o‘zini yaxshi tutmay, qo‘pollik qilgach, usta huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmoqchi bo‘ladi. Shu vaqtda haydovchi mashinasini haydab qochadi va yashirinishga ulguradi.

«Orqasidan izlab bordim, mahalla oralab ketgani uchun topolmadim. Qizning otasiga telefon qilib, holatni tushuntirdik. Qiz juda vahimaga tushib qolgani uchun avvaliga bizdan ham qo‘rqib turdi. Tezda otasi yetib kelib, olib ketishdi. Qizaloqni Xudo asradi», dedi Komissar Donayev.

Qizning otasi vaziyatni bilgach, ichki ishlar idoralariga ariza bergan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bu shaxs qisqa fursatda topilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan. Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati unga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi, 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘smir qizni o‘g‘irlashga uringan shaxs haqiqatan ham ichki ishlar idorasida ishlab kelgan. U qamoqqa olinganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan.

Qizaloqning otasi biz bilan suhbatda bevosita kamera qarshisida gapirishni istamagan bo‘lsa-da, odamlarni yanada hushyorlikka, ogohlikka chaqirdi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid