25 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi halokatli bo‘ron yigirmadan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va shaharlardan birini butunlay vayron qildi.
Co‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tornado oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan. Eng katta vayronagarchilik Missisipi va Alabama shtatlarida qayd etilgan: Kichik shaharlar va qishloqlar tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan. Bu hududlarda daraxtlar singan, uylar vayron bo‘lgan, elektr uzatish liniyalari jiddiy shikastlangan, o‘n minglab uylar toksiz qolgan.
Kuchli yog‘ingarchilik davomida Missisipining janubiy hududlariga golf to‘pi hajmida do‘l tushgan.
Shtat g‘arbidagi Rolling Fork shaharchasi aholisi vakillari uylarning derazalari shamol kuchidan sinib ketganini aytishgan.
Bu hududdagi vayrongarchiliklar nisbatan eng jiddiysi bo‘ldi.

Rolling Fork shahri meri Eldrij Uoker CNN telekanalida tornado shaharni «yer yuzidan o‘chirib tashlangani» haqida aytdi. Bu yerda kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
«Mening shahrim endi yo‘q, lekin biz tirikmiz. Biz kuch to‘plab, qaytib kelamiz», dedi u.

OAV xabariga ko‘ra, shamol tezligi soatiga taxminan 113 kilometrga yetgan, tornado yo‘lining umumiy uzunligi 160 kilometrdan oshgan.
«Umrimda bunaqasini ko‘rmaganman. Bu ajoyib kichik shaharcha edi, endi esa u yo‘q», degan CNN muxbiriga intervyusida mahalliy aholi vakili Brendi Shova.
Naytlar oilasi - er-xotin va ularning uch yoshli qizi - Rolling Forkdagi qarindoshlarinikida mehmonga kelishgandi.
Kornel Nayt AP muxbiriga aytishicha, tornado arafasida hudud noodatiy tarzda o‘ta tinch bo‘lgan, osmon qoraygan, keyin esa har tarafda transformatorlar portlay boshlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tornado boshqa qarindoshining uyiga urilgan. U yerda devor qulagan va bir necha kishini bosib qolgan.



















