Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi ortidan rasmiy Moskva va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi geosiyosiy keskinlik nihoyatda taranglashib ketdi. Rasmiy Moskvaga nisbatan siyosiy va iqtisodiy bosim kuchaydi. Ushbu vaziyat fonida Rossiya va Xitoy yetakchilari “har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni” chuqurlashtirish to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi. Bu nimani anglatadi?

Ikki tomonlama manfaatlar va o‘zaro bog‘liqlik

Birinchidan, Ukraina inqirozi fonida Rossiya va Kollektiv G‘arb o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat Xitoyni Moskva va Vashington o‘zaro kelishuvga erishishi mumkin degan xavotirdan butunlay xalos qildi. Qolaversa, bugungi Rossiyaning xalqaro maydondagi imkoniyatlari va ta’siri keskin qisqargan, rasmiy Pekin o‘zi uchun qulay shartlarda hamkorlik qilishga moyillik olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Ikkinchidan, Xitoy na geosiyosiy, na iqtisodiy, na xavfsizlik nuqtai nazaridan Rossiyaning “yo‘q qilinishi”dan yoki parchalanishidan manfaatdor emas. G‘arbparast yoki tartibsiz Rossiya Xitoy xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Bundan tashqari, Pekin G‘arbning Moskvaga bosimini kelajak uchun tayyorgarlik ko‘rish va saboq chiqarish sifatida ham qabul qiladi.

Xitoy o‘zining kuchayib borayotgan qudratiga tayanib, global miqyosidagi hukmron mavqeini mustahkamlamoqchi. Rossiya esa jahon gegemonligi uchun poygada ishtirok eta olmasligiga iqror bo‘lgan holda, Yevrosiyodagi kuch markazlaridan biri va global o‘yinchi sifatidagi ishtirokini saqlab qolishga intiladi. Rossiya-Xitoy munosabatlaridagi yaqinlashuv ham har ikki tomon uchun o‘z ambitsiyalarini amalga oshirishga yordam beradi. 

Uchinchidan, bugungi kunda Moskva va Pekin uchun asosiy ustuvor vazifalardan biri har ikki davlatdagi mavjud siyosiy rejimlarni saqlab qolishdir. Moskva ham, Pekin ham G‘arbning Rossiya va Xitoyda demokratlashtirish va inson huquqlari bo‘yicha olib borayotgan kampaniyalarini AQShning ikki davlatni beqarorlashtirish uchun siyosiy quroli deb biladi.

To‘rtinchidan, Moskva bilan iqtisodiy va siyosiy yaqinlashish Pekinni nafaqat Sharqiy Osiyoda, balki Yevrosiyo bo‘ylab eng asosiy o‘yinchiga aylantiradi. Bugungi kunda Xitoy Rossiya resurslaridan foydalanish (uglevodorodlardan tortib chuchuk suv manbalarigacha) va Markaziy Osiyo, Rossiya va Arktika orqali Yevropa bilan bog‘lanish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyatlarga ega.