O‘zbekistonda pomidor narxi rekord darajada qimmatlashdi. EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 17 martidan 24 martiga qadar O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 28 ming so‘mdan 36 ming so‘mga, ya’ni bir hafta ichida 28,6 foizga oshgan. Shuningdek, joriy yil boshidan 24 martga qadar mamlakatda ushbu mahsulot ulgurji narxlari 2,4 barobarga qimmatlagan.

2023 yilning 24 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 barobar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan 2,4 barobar yuqori bo‘lgan.

2023 yilning 24 mart holatiga ko‘ra, qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi (1 kg uchun AQSh dollarida):

  • O‘zbekiston — 3,16 dollar;
  • Polsha — 2,79 dollar;
  • Ukraina — 2,60 dollar;
  • Tojikiston — 2,29 dollar;
  • Moldova — 1,61 dollar;
  • Gruziya — 1,16 dollar.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 27 mart holatiga poytaxt markaziy bozorlarida 1 kg pomidor o‘rtacha 34-36 ming so‘m oralig‘ida, oziq-ovqat mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan supermarketlarda esa 37 ming so‘mdan 45 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida Qo‘yliq dehqon bozorida 1 kg qizil pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 15-18 ming so‘m, 1 kg pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi esa 13-17,5 ming so‘m atrofida bo‘lgan.

Nega pomidor keskin qimmatlashdi?

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda anomal sovuq ob-havo kuzatilgandi. Ushbu omil issiqxona pomidori narxining keskin oshishida asosiy katalizator rolini o‘ynagan bo‘lishi mumkin.

Kun.uz suhbatlashgan issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, anomal sovuq havo tufayli ko‘plab issiqxonalar pomidor hosilini boy bergan.