2008 yil yozining so‘nggi kunlaridan biri. Endigina uyquga yotmoqchi bo‘lgan prokuratura tergovchisining qo‘l telefoni ketma-ket jiringladi. Kutilmagan bunday qo‘ng‘iroqlarga o‘rganib ketgan tergovchi erinibgina telefonning yashil tugmasini bosdi. Unga tumanning tog‘li hududi bo‘lgan Minjir qishlog‘ida yashovchi erkak o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berishdi. Qorong‘ida qir oralab yo‘lga chiqqan tergovchi oldinda uni qanday jumboq kutib turganini hali bilmasdi.

Soat 23:20. Tergovchi tog‘ oshib manzilga yetib bordi: oddiy qishloqning oddiy hovlisi. Kattagina xonaning to‘rida taxminan 60 yoshlarni qoralagan erkak yotqizib qo‘yilgan. Uning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va yoshgina kelini quyiroqda bosh egib, g‘amgin o‘tirishardi. 

Pichoq marhumning qorin qismiga urilgandi. Ammo bir tomchi ham qon chiqmagan, pichoq sanchilgan joydan qorin bo‘shlig‘i tashqariga chiqib, qon yo‘li to‘silib qolgandi.

Otam yashashni istamadi. Jonlaridan to‘yib ketgan ekan shu ichkilik dastidan. Qancha qildik shu zormandani tashlang deb, foydasi bo‘lmadi. Na iloj, o‘z jonlariga qasd qilibdi. Nima bo‘lsa-da tinchgina ma’rakalarini o‘tkazib olaylik endi”, — dedi tergovchining savolomuz nigohiga javoban marhumning o‘g‘li.

Marhumning ayoli ham, kelini ham deyarli bir xil ko‘rsatma berishdi: u pichoq bilan qorniga urib, o‘z joniga qasd qilgan.

Mahalla oqsoqoli ham shu yerda edi. Tergovchi uni chetga tortib, marhum va uning oilasidagi muhit haqida so‘radi.

Alkash edi, ichmagan kuni yo‘q. Topgani shishadoshlari bilan ulfatchilikka ketardi. Xullas, o‘z hayotiga o‘zi achinmaydigan odam edi-da”, — dedi rais ham afsuslangan kabi bosh silkib.

Tezkor guruh tarkibida voqea joyiga yetib kelgan sud-tibbiy eksperti murdani ko‘zdan kechirar ekan, jarohatni marhum o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi.

Ko‘p o‘tmay voqea joyiga tuman prokurori ham keldi. Ko‘z qiri bilan barchaga sinchkov qarab chiqqan prokuror “ishni davom etaveringlar”, dedi va qaytib ketdi.

Tergovchi o‘ylovda qoldi: nima qilish kerak, erkak o‘z joniga qasd qilgan, qolaversa mast holatida bo‘lgan. Qotillik alomatlari ko‘rinmaydi. Mana, yaqinlari ham tan olib o‘tirishibdi. Qolaversa, marhumning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i yoniga kelib, “Murdani olib ketmanglar, yaxshimi-yomonmi yashab o‘tdi, endi o‘ligi ham qiynalmasin”, deya jovdirab turardi.