Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida propagandachi sifatida, shuningdek qo‘lda qurol bilan faol ishtirok etib kelgan Vladlen Tatarskiy Sankt-Peterburgdagi kafelardan birida ro‘y bergan portlashda halok bo‘ldi.

Portlash Universitet sohili ko‘chasidagi «Strit-fud bare №1» kafesida sodir bo‘ldi. Bu yerda Vladlen Tatarskiyning (uning haqiqiy ismi sharifi - Maksim Fomin) ijodiy kechasi o‘tkazilayotgandi. Portlashdan keyin uni jonlantirish bo‘limiga olib borishgan, o‘sha yerda uning joni uzilgan.

Peterburg markazidagi portlash haqida yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:50 atrofida mahalliy nashrlar tarqatgan xabarlardan ma’lum bo‘ldi. Keyinroq hodisani IIVning Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasi tasdiqladi.

«[soat] 18:13 da Vasileostrovskiy rayoni politsiyasiga Universitet sohil ko‘chasidagi 25-uyda joylashgan kafeda portlash bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan, u harbiy korrespondent Vladlen Tatarskiy bo‘lib chiqdi», deyilgan politsiya xabarida.

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, portlash oqibatida yana 32 kishi jabrlangan, shundan 24 kishi shifoxonaga joylashtirilgan, ularning olti nafari og‘ir ahvolda.

Kafeda shu kuni Tatarskiyning «ijodiy kechasi» tashkillashtirilgandi - telegram-kanallarda tarqalgan fotolarda ortida odamlar o‘tirgan ikki stol, uning qarshisida - Tatarskiyning portreti va «Yest takaya professiya voyenkor» (Shunday kasb bor - voyenkor) yozuvi aks etgan ekranni ko‘rish mumkin.

«Fontanka»ning yozishicha, guvohlar nashr muxbirlariga portlash bir qiz Vladlen Tatarskiyga gipsdan ishlangan haykalcha sovg‘a qilganidan biroz o‘tib ro‘y bergan. Bu haqda keyinroq TASS ham xabar qildi. ReN-TV e’lon qilgan kadrlarda Tatarskiy o‘zining harbiy kaskadagi byustini ko‘tarib turgani aks etgan.

«Fontanka» suhbatdoshi tasdiqlashicha, sovg‘a keltirgan mehmon o‘zini rassom Nastya deb tanishtirgan va stolda yolg‘iz o‘tirgan. Portlash guvohlariga ko‘ra, u garderobga chiqib, u yerdan katta quti olib kirgan - unda «qandaydir zarhallangan buyum» bo‘lgan. Tatarskiy sovg‘ani qabul qila turib hazil qilgan, qiz esa joyiga qaytib borib o‘tirgan, uch daqiqadan keyin - «portlash, baland ovozlar, alanga va barcha qochishga tushgan». Ko‘p o‘tmay politsiya sovg‘a bergan qizni qidirishga kirishgan.