Finlandiya taşqi işlar vaziri Pekka Haavisto mamlakatning NATOga qöşilişi töğrisidagi aktni imzolab, uni alyansning Bryusseldagi qarorgohida AQŞ davlat kotibi Entoni Blinkenga topşirdi.

Blinken Finlandiya NATOga a’zo bölib kirgan kunni «tarixiy kun» deb atadi va bu Vladimir Putin Ukrainada boşlagan uruş tufayli röy berganiga urğu qaratdi.

«Men aytgan bölardimki, bu ehtimol, janob Putinga minnatdorçilik bildirişimiz mumkin bölgan yagona iş, çunki u Rossiya tajovuzkorligi bilan oldini olmoqçi bölgan jarayonni yanada tezlaştirdi», degan Blinken.

«Bu Finlandiyani xavfsizroq, NATOni esa kuçliroq qiladi. Prezident Putinning bosqindan maqsadi öz çegaralarida NATO davlatlari kamroq bölişi va Yevropada heç qanday yangi a’zolar bölmasligi edi, amalda esa buning mutlaqo teskarisiga erişdi», dedi jurnalistlarga NATO boş kotibi Yyens Stoltenberg.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo mamlakat Şvetsiya ham NATO a’zosi bölişi uçun harakat qilişini aytdi. 

«Finlandiyaning a’zoligi Şvetsiya a’zoligisiz töliq bölmaydi. Şvetsiyaning NATOga a’zoligini tezlaştiriş uçun işlar betinim davom ettirilmoqda», deyiladi Niinistyoning bayonotida.

Stoltenberg «bu Finlandiya xavfsizligi, Skandinaviya mamlakatlari va butun NATO xavfsizligi uçun ajoyib kunligi, Şvetsiya ham yanada xavfsizroq bölişi»ni ta’kidladi. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov kutilmaganda Finlandiyaning NATOga a’zoligi böyiça keskin munosabat bildirib, buni Rossiya xavfsizligi va milliy manfaatlariga tajovuz deb atadi.

«Kreml buni vaziyatning navbatdagi keskinlaştirilişi deb hisoblaydi. NATOning kengayişi - bizning xavfsizligimiz va RF milliy manfaatlariga tajovuz qilişdir, biz bu haqda avval ham aytganmiz. Va biz buni aynan şunday qabul qilamiz. Va, tabiiyki, bu bizni öz xavfsizligimizni ham taktik, ham strategik jihatdan ta’minlaş uçun qarşi çoralar körişga majbur qiladi», dedi Peskov.

Yaqin vaqtgaça Finlandiyaning alyansga kirişi Turkiya tomonidan bloklangandi: Anqara Skandinaviyadagi ikki mamlakatni özi terrorçilik taşkiloti deb biladigan Kurdiston işçilar partiyasi a’zolari hamda Turkiya hukumati 2016 yilgi davlat töntarişiga uriniş taşkilotçiligida ayblaydigan Fathulloh Gulenning tarafdorlariga boşpana berişda ayblagan.