Bu haqda mish-mishlar tobora ko‘payib bomoqda. Bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, fevralda platformaning bloklanishini ko‘plab yuqori martabali mulozimlar, kuch ishlatarlar va propagandachilar yoqlayotgani xabar qilingan edi.

Rossiyada internet bloklanishini kuzatayotgan bir necha ekspertlar YouTube’ni bloklay olishadimi, modomiki bu yuz bersa rossiyaliklar nima qilishlari kerak, degan savollarga javob berishdi.

YouTube’ni bloklasa bo‘ladimi?

YouTube’ni bloklash osongina, u hech qayerga «qochib ketolmaydi» (ya’ni ko‘zgu saytlar yarata olmaydi). YouTube bloklashni aylanib o‘tish uchun proksi domenlar yaratmaydi. Xitoyda ham bunday amaliyot bo‘lmagan: Google u yerda oxirigacha kurashgan, biroq 2008 yilda baribir bloklab tashlashgan.

«2022 yil 24 fevralgacha Roskomnadzor YouTube’ni bloklashni eplolmasligini aytgan bo‘lardim. Lekin hozir vaziyat boshqacha. Ha, bir necha o‘n millionlab odam ortiq video ko‘ra olmasligidan achchiqlanadi, lekin ayni vaziyatda hukumat ularning reaksiyasi haqida qayg‘urib ham o‘tirmaydi», deydi «Esher II» telegram-kanali muallifi Filipp Kulin.

YouTube’ni bloklash mumkin. Uni to‘laligicha bloklash ham shart emas, barcha yirik aloqa operatorlariga ularda o‘rnatilgan Google uskunasini uzib qo‘yish buyurilsa bas.

«Bu uskuna Google Global Cache deb ataladi. Uning ishlash prinsipi shunday: siz rolik tomosha qila boshlaganingizda uning nusxasi umumiy serverdan mahalliy serverga ko‘chiriladi. Videoni ko‘rayotgan keyingi odam endi aloqa operatorida bo‘lgan mahalliy serverga murojaat qiladi. Google Global Cache ulkan trafikni tejaydi, chunki video og‘ir kontent. Hududiy operatorlar bu texnologiya trafikni o‘nlab martagacha iqtisod qilishga yordam berishini aytishgan», — deydi Internetni himoyalash jamiyati direktori, «Za Telekom» telegram-kanali muallifi Mixail Klimaryov.

Mutaxassisga ko‘ra, agar o‘sha lokal server uzib qo‘yilsa, barcha magistral kanallar YouTube trafigi bilan tiqilib qoladi va bu hol YouTube sayti to‘la qulashiga olib keladi. Hozirgacha bunday bloklash amalga oshmagan va uning oqibatlari qanday bo‘lishini ham hech kim bilmaydi.