Masalan, rublning qadrsizlanayotganiga iqtisodiy voqelik almashgani, bu yangi vaziyatda rubl qurbi Shell kompaniyasining mamlakatni tark etishi kabi yirik bitimlardan ta’sirlanishi keltirilmoqda. Xo‘sh, Rossiya valutasi o‘zini tiklay oladimi? BBC shu savol atrofidagi iqtisodiy mulohazalarni keltirib o‘tdi.

Yakunlanayotgan haftada dollar kursi Rossiyada 5 foizdan ziyodroqqa oshgan: dushanba kuni ertalab uning narxi 77 rubldan sal oshgan edi, payshanba kuniga kelib 81 rubllik marrani urdi. Yevro esa hafta ichida yanada kuchliroq – 10 rublga yoki qariyb 13 foizga qimmatlagan.

Hozir har ikki valuta 2022 yil aprelida qancha turgan bo‘lsa, o‘sha qiymatga yetib oldi. O‘shanda boshlangan urush rubl kursini qulatgandi, keyinroq Rossiya Markaziy banki gaykalarni qotira boshladi. Tartibga soluvchi MB va import miqdorining keskin qisqarishi rublning mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi va u aprel oyining boshida o‘zini tiklay boshlagan edi.

Ayni paytdagi vaziyat o‘tgan yilning aprel oyida bo‘lganining g‘irt teskarisi: import oshib bormoqda, eksportdan olingan daromadlar pasaymoqda – omillarning jamuljamligi aslo rubl foydasiga emas. Bu 2022 yil yozidagi rekordlar haqida unutsa ham bo‘laveradi, degani.

Biroq mana shunday holatlarda rubl yirik bitimlari va yangiliklardan ta’sirlanishi ham mumkin. BBC tomonidan so‘ralgan iqtisodchilar va Bloomberg agentligi taxminiga ko‘ra, hafta ichida rublning qulashiga bosh sabablardan biri «Saxalin-2» loyihasidan Britaniyaning Shell neft kompaniyasi chiqib ketishi haqidagi yangiliklar bo‘lgan.

«Valuta soyaboni»ning kamayishi

Rubl kurs joriy operatsiyalar hisobi balansiga, ya’ni, masalan savdo va moliyaviy sektor orqali tashqi dunyoda mamlakatga qancha pul kirib kelayotgani va chiqib ketayotgani o‘rtasidagi farqqa bog‘liq. Iqtisodchilar buni rubl kursini aniqlashtirib beruvchi poydevor omillar deb atashadi.

Bu omillar 2022 yilning katta qismida Rossiya valutasi foydasiga yurdi. O‘tgan yilning aksariyat oylarida rubl savdo balansi profitsiti (ortiqchaligi) tufayli mustahkam turdi: o‘shanda Rossiya joriy etilgan sanksiyalar tufayli kamroq import qilib, katta hajmdagi energiya resurslarini eksport qilishda davom etaverdi – narxlar ancha yuqori edi, neft eksporti uchun sanksiyalar yil oxiriga boribgina joriy etildi.