Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) davlat muassasasi bosh direktori Jamshid G‘aniyevning oylik daromadlari bo‘yicha ma’lumot tarqaldi.

Unga ko‘ra, G‘aniyev UzTest'dagi faoliyati uchun 2022 yil mart oyidan 2023 yil martiga qadar 12 oy davomida jami 551 mln 660 ming so‘m maosh olgan. Birgina joriy yilning yanvar oyidagi maoshi 50 976 280 so‘m, fevral oyidagi maoshi esa 84 908 480 so‘m chiqqan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi direktori J. I. G‘aniyevning joriy yil yanvar va fevral oylaridagi daromadlari to‘g‘risidagi turli ma’lumotlar bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzildi.

Ayni paytda mazkur ishchi guruh Markaz xodimlarining doimiy oylik maoshlari bo‘yicha to‘liq o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Rasmiy sahifalarimiz orqali o‘rganishlar yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”,deya ma’lum qilindi UzTest'ning Telegram-kanalida.

Avvalroq, UzTest bosh buxgalteri o‘ziga yanvar oyida 157,6 mln so‘m, fevral oyida 310,8 mln so‘m miqdorida oylik yozgani haqida xabar berilgandi.

Kun.uz qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida UzTest axborot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, hali ishchi guruh tomonidan holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilinmagan.

“Har bir detal tekshirilyapti”

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Raufjon Rasulovning ma’lum qilishicha, 2-3 kun ichida ishchi guruhning o‘rganishlari yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.

“Ushbu masalani o‘rganish maqsadida o‘tgan hafta Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati tomonidan ishchi guruh tuzildi. Hozirda to‘langan oyliklar qayerdan keldi, nima uchun shuncha miqdordan yozildi, mana shu va boshqa jihatlar o‘rganilyapti. Hali ish oxiriga yetmadi. Qonuniy jihatdan har bir detal tekshirilyapti. Masalan, sertifikatlash jarayonida buxgalter ishtirok etmasligi kerak. O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi belgilangan, shundan kelib chiqib davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarga ham maosh to‘lanadi. Bu yerda juda katta ish bor. Ikki-uch kun ichida ishchi guruh o‘rganish ishlarini tugatadi”,