O‘tgan hafta boshida «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Baxmut shahar kengashi xarobalari ustida Rossiya bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan videoni e’lon qilgandi. O‘shanda u Baxmut «yuridik jihatdan egallangani»ni aytgandi.

Shunga qaramay, bir necha kun o‘tib Prigojin aniqlik kiritib, ukrain qo‘shini Baxmutdan ketmagani va yaxshi tashkil etilgan mudofaani ushlab turganini aytdi.

Ukrainalik va xorijiy ekspertlar aytishicha, Rossiya kuchlari Baxmutda o‘z taktikasini bir necha bor o‘zgartirgan. Shahar hamon ularning hujum harakatlari markazi bo‘lib qolmoqda, ammo ular endi shaharni o‘rab olishga urinishni bas qilib, e’tiborni aholi yashash kvartallarini jang bilan olishga qaratmoqda.

Rossiya armiyasi va «Vagner» XHK jangchilari Baxmut yo‘nalishining shimoli va janubi-g‘arbida hujumlarni bir necha bor sustlashtirgan, ammo shimoli-g‘arbdan shahar markaziga yorib kirishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu tomonda ular Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi muhim logistik markazi hisoblangan Chasiv Yar shaharchasiga yetib borishga harakat qilmoqda.

Hozirda Chasiv Yarga qo‘shni bo‘lgan, 0506-magistral bo‘yida joylashgan Bogdanovka qishlog‘i uchun jang olib borilmoqda. Rossiyaning Z-blogerlari aytishicha, bu yerdagi muvaffaqiyatli harakatlar «Ukraina kommunikatsiyalarini panalab turgan butun qanotni qulatadi». Ukraina QK bosh shtabining so‘nggi bayonotlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi hozircha Bogdanovka atrofidagi barcha hujumlarni qaytarmoqda.

Boshqa tomondan, janubda, T0504-trassasi yaqinida rossiyaliklar Belaya Gora va Ivanovskoye qishloqlariga kirishga urinmoqda.

BBC Ukraina xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha ikki qishloq ham Ukraina nazorati ostida qolmoqda. Bu shuni anglatadiki, RF armiyasi yarim qurshov holatida qolgan Baxmutga olib boruvchi yo‘lakni - shaharni Konstantinovka bilan bog‘lovchi trassani, shuningdek Chasiv Yarga olib chiquvchi 0506-trassasini kesib qo‘ya olmagan.

Ammo Rossiya kuchlari Baxmut markazi tomon ilgarilashga erishgan. «Vagner» ta’siridagi telegram-kanallar shaharning markaziy qismida olingan ko‘p sonli fotosuratlarni e’lon qilmoqda.