YeChL. 1/4 final. 12 aprel
Birinchi o‘yinlar
Milan — Napoli 1:0
Gol: Binnosir (40).
Milan – Menyan, Kalabriya, Ker, Tomori, Ernandes, Krunich, Binnosir (Salemakers, 67), Dias (Rebich, 80), Tonali, Leau, Jiru.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Chje, Ruy (Olivera, 81), Lobotka, Zelinski (Ndombele, 81), Zambo-Angissa, Elmaz, Losano (Raspadori, 69), Kvaratsxeliya (Politano, 81).
Ogohlantirishlar: Zelinski (38), Binnosir (60), Di Lorenso (70), Zambo-Angissa (70), Kim Min Chje (78).
Chetlatish: Zambo-Angissa (74).

Pasayish, inqiroz, ishtiyoqsizlik — bular «Milan»ning chempionlik mavsumidan keyingi muvaffaqiyatsizliklarini izohlash uchun ishlatilgan so‘zlar. Ammo Stefano Pioli davridagi «rossonerilar» nokdaunlardan keyin og‘riqni his qilmaydi va yana o‘rnidan turadi. Qanchalik kuchli zarba berilmasin, ular, aftidan, bundan faqat kuch oladi. Murabbiyning skudetto g‘olibligiga yo‘l «Atalanta»dan uchralgan 0:5 hisobidagi sharmandali mag‘lubiyatdan boshlangani to‘g‘risidagi so‘zlarini eslash o‘rinli.

«Milan» joriy mavsum davomida ham qaysidir pallada tubga tushdi. Superkubok uchun derbida 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va o‘z uyida «Sassuolo»dan beshta gol o‘tkazib yubordi. Ammo keyin bir necha oyni o‘tkazib yuborgan Menyan darvozaga qaytdi, Ernandes jahon chempionatidan o‘ziga keldi, Rafael Leau yana o‘tgan mavsumdagi kabi aqlli o‘yin ko‘rsata boshladi.

O‘n kun muqaddam Neapolda kechgan o‘yinda «Milan» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini namoyish etib,
Luchano Spalletti jamoasini 4:0 hisobida yakson etdi. Bu natijaga qarab, milanliklar Italiyaning eng yaxshi jamoasi - A Seriya turnir jadvalida katta farq bilan ilgarilab ketgan jamoani yer bilan bitta qilganiga ishonish qiyin. Jamoa yetakchisi Xvicha Kvaratsxeliya esa o‘sha oqshomda maydonda ko‘zga tashlanmadi. Ammo bu ham hali milanliklar «San-Siro»dagi YeChL o‘yinida yana shu ishni takrorlashini kafolatlamasdi.

Spalletti bu o‘yin oldidan muhim muammoni hal qilishi talab etilardi. U jamoaning asosiy hujumchisi Osimhen ortidan Simeoneni ham lazaretga jo‘natishga majbur bo‘ldi, Raspadori — ham tibbiy sabablarga ko‘ra to‘liq o‘ynay olmasdi. Ya’ni «Napoli»da markaziy hujumchi ampluasidagi birorta futbolchi qolmagandi, murabbiy esa bu muammoni Elmasni «aldamchi to‘qqizlik» rolida tushirib hal etishga qaror qildi.