Ukrainaning ko‘plab ekspertlar tomonidan kutilgan qarshi hujumi aprel oyining birinchi dekadasida ham boshlanmadi, rossiyaliklarning yurishi esa to‘xtamadi. «Vagner» XHK Baxmutda ilgarilashda davom etmoqda: yollanma jangchilarning so‘nggi kunlardagi hujumlari natijasida Ukraina QK endi faqat shaharning g‘arbiy chekkalarini nazoratida saqlab qolmoqda. Shimolda, Kreminna atrofidagi o‘rmonzorda esa havo-desant qo‘shinlarining yurishi qaytadan boshlangan va ular ukrainlarning bir qancha pozitsiyalarini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Donetskdan shimoldagi Avdiyivka shahri atrofida qarama-qarshi janglar davom etmoqda: Ukraina QK rossiyaliklarning Avdiyivka istehkomini aylanib o‘tishga urinayotgan guruhlari qanotlariga hujum uyushtirmoqda, RF QK shaharni qurshovga olish uchun urinishlarini davom ettirmoqda. 

Rossiya yurishi ancha oldin va butunlayga muzlagandek ko‘ringan «ishlar pachava» bo‘lgan uchastkalarda ham (masalan, Luhansk oblastidagi Novoselovskoye va Kuzemovka qishloqlari atrofidagi kichik uchastka, bu yerda kuzda olib borilgan janglar Ukraina QKning kichik g‘alabasi bilan tugagandi), RF qurolli kuchlari yana faollashgan. 

Bu janglar (Baxmutdagidan tashqari) Rossiya armiyasiga katta yutuqlar olib kelmaydi, ammo bu RF QK qo‘mondonligi tashabbusni boy berishni istamayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, janglar tabiati o‘zgarmoqda: ikki tomon ham texnika, artilleriya, havo hujumidan mudofaa qurilmalari, okoplar va hatto alohida askarlarga zarba berish uchun kamikadze dronlarni tobora ko‘proq qo‘llamoqda. 

Endilikda nishonga borib urilgan dronlar telekameralariga muhrlangan videolar front chizig‘idan kelayotgan axborot oqimining yarmini tashkil qilmoqda. To‘g‘ri, bunga dron videolari «okopda olingan videodan yorqinroqligi» sabab. Ammo bu videolar tahlili shuni ko‘rsatadiki, kamikadze dronlar (qo‘lbola o‘q-dori tashlaydigan kopterlar va artilleriya zarbasini yo‘naltiruvchi dronlar bilan birga) chindan ham amaliyotning muhim qismi bo‘lmoqda. Teplovizorlar bilan jihozlangan dronlar tunda ham harakatlanmoqda. Dronlar yordamida jang maydoni izolyatsiya qilishga muvaffaq bo‘lingan holatlar ham uchramoqda — ya’ni qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dorilar olib kelish, shuningdek yaradorlarni evakuatsiya qilish to‘liq imkonsiz qilingan holatlar. Ilgari urushlarda bu masala aviatsiya orqali hal etilishi kerak edi.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya aviatsiyasi ham jang maydoniga qaytdi, samolyotlar o‘tgan yil bahoridan buyon harbiy harakatlarda deyarli ishtirok etmayotgandi. Dastlabki yalpi zarbalar (jumladan, GLONASS tizimiga muvofiq ko‘rsatmalardan foydalangan holda yuqori aniqlikdagi zarbalar uchun qayta jihozlangan yirik kalibrli bombalar bilan) mart oyida Avdiyivkada berila boshlandi.