Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistondan Qozog‘istonga eksport qilingan pomidorlarda xavfli virus aniqlangani rad etildi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga ko‘ra, Qozog‘iston tomonidan bu borada hech qanday e’tiroz kelib tushmagan. O‘rganish davomida O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi va boshqa karantin kasalliklar aniqlangani uchun mahsulotlarni orqaga qaytarib yuborgani aniqlanmagan.
15 aprel kuni telegram-kanalida O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga Qozog‘iston telekanallaridan birida namoyish etilgan lavha asos bo‘lgan.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinovaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirga qadar Qozog‘iston tomonidan bu borada e’tiroznoma (notifikatsiya) kelib tushmagan.
Agentlik tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv va o‘rganishlar olib borilib, dastlabki natijalariga ko‘ra O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlangani yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan.
“O‘zbekiston va Qozog‘iston karantin xizmatlari o‘rtasida tezkor ravishda muzokara olib borilib, ushbu tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo‘lgan 43 tonna pomidor mahsulotida aynan O‘zbekistondan yuklangan mahsulotda xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqladi”, deyiladi agentlik tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda.
Qayd etilishicha, pomidor eksporti bo‘yicha O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan 2023 yil o‘tgan davr mobaynida importyor davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14424 tonnasi Qozog‘iston Respublikasiga eksport uchun) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan va importyor davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlangani yuzasidan e’tiroz holati qayd etilmagan.
“Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan xoli mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo‘jaligi maydonida O‘zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilib, laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra eksport/import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) testidan o‘tkaziladi”, deya ta’kidlanadi bayonotda.
Mavzuga oid
08:29 / 01.06.2026
O‘zbekiston Suriyaga mahsulot eksport qilishni boshlamoqchi
18:07 / 30.05.2026
O‘zbekistondan Suriyaga mahsulotlar eksporti boshlanadi
20:49 / 29.05.2026
Rossiya O‘zbekistonning 10 ta korxonasiga sabzavot va mevalarni olib kirishni taqiqladi
16:36 / 29.05.2026