Hozir frontda nisbatan sokinlik. Buni ayrimlar qat’iy jang oldidan kuch va o‘q-dorilarni iqtisod qilish bilan tushuntirmoqda. Foto: Anadolu

Sharhlovchilarning aksariyati Ukraina qurolli kuchlarining bu rejalarini havo isigani, yangi zirhli texnikalar yetkazilgani va zarba beruvchi guruhlar tayyor bo‘lib qolganiga bog‘lashmoqda. BBC Ukraina kuchlari holati haqidagi mavjud ma’lumotlar hamda ular urushning borishini o‘zgartirishga qanchalik tayyorligini tahlil qildi.

Ko‘plab Ukraina va Rossiya nashrlari Ukraina QKning tayyorgarlik ko‘rilayotgan operatsiyasini «qarshi hujum» deb ham, «hujum» deb ham yozmoqda. Gap shundaki, qarshi hujum deyilganda odatda dushman tomon hujum qilgan chog‘da yoki undan ko‘p o‘tmasdan qilingan hujumkor operatsiya tushuniladi, biroq Rossiya armiyasining so‘nggi haftalardagi jangovar harakatlari ko‘proq pozitsion xarakterga ega. Shu sababli Ukraina QK hujumga javob emas, hozircha vaqti va o‘rni noaniq yangi operatsiya boshlaydi.

Ukraina qurolli kuchlari tayyorlanayotgan hujumkor operatsiya haqida nafaqat harbiy ekspertlar va blogerlar, rasmiy shaxslar ham ochiqchasiga gapirishmoqda. So‘nggi marta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyaning Yomiuri Shimbun gazetasiga intervyusi chog‘ida buni tilga olgan.

Intervyuda Ukraina yetakchisi bahorga mo‘ljallangan hujumga o‘tish harbiy texnika va o‘q-dori yetishmasligi tufayli keyinroqqa qoldirilishini ta’kidlagan, lekin qaysi muddatga ekanini ochiqlamagan.

Hujumga o‘tishni boshlash uchun Ukrainaga harbiy texnika yetishmayotgani to‘g‘risidagi tezis yagona emas.

Buning barobarida, Ukraina qurolli kuchlari bahorgi loygarchilik tugagach, zirhli texnikalar past-baland joylardan bemalol yura oladigan bo‘lganda, shuningdek, Ukraina yetarli miqdorda qo‘shin to‘plab olganidan so‘ng hujumga o‘tish boshlanadi, degan taxminlar ham yangramoqda.

Bu omillar Ukraina bosh shtabining operatsiyaning boshlanish vaqti va joyi to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir qiladi, lekin bundan tashqari yana ko‘plab omillar bor: o‘z qo‘shinlari tayyorgarligi va joylashganligi, Rossiya qo‘shinlarining holatini baholash, askarlarni frontda yoki front ortiga joylashtirish, zaxiralarni olib kelish imkoniyatlari. Bu hali hammasi emas.