15 mart kuni Sudan poytaxti Xartum shahrida otishma va portlashlar ovozlari eshitila boshlandi, shahar ustida harbiy aviatsiya (katta ehtimol bilan armiyaniki) harakatlandi. Shahar va mamlakatning boshqa muhim obektlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun Sudan muntazam armiyasi va harbiylashgan Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida jang ketmoqda. Qarama-qarshilik oqibatida allaqachon o‘nlab kishilar halok bo‘lgan.

Armiya general Abdulfattoh al-Burxon boshchiligidagi Sudan harbiy hukumatiga (Suveren kengash), Tezkor reaksiya kuchlari (RSF) — vitse-prezident, general Muhammad Hamdon Dagaloga bo‘ysunadi.

Fuqarolik boshqaruviga o‘tish rejasi doirasida Tezkor reaksiya kuchlari qurolli kuchlar tarkibiga kirishi ko‘zda tutilgandi, ammo generallar bu qachon ro‘y berishi bo‘yicha kelisha olishmadi, natijada bahs qurolli kurashga aylanib ketdi.

Harbiy harakatlar poytaxtning aholi yashash kvartallarida ham kechmoqda, bu hududlarda odamlar uylarida yashirinishiga to‘g‘ri kelmoqda.

RSF jangchilari tasdiqlashicha, ular mamlakatning kamida uchta aeroportini, shuningdek qator harbiy obektlar va prezidentlik saroyini egallashgan.

Ammo Sudan qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon Tezkor reaksiya kuchlarining ular prezidentlik saroyi, poytaxtdagi aeroport va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Al Jazeera telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida general al-Burxon aksincha armiya harbiylari vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini aytgan.

Ukrainlar samolyoti shikastlanishi

Xartum aeroporti hududi ustidagi tutun. 2023 yil 15 aprel
AFP / Scanpix / LETA

Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yildi, aeroport ham harbiy harakatlar zonasi ichida qoldi, bu yerga parvozlar to‘xtatildi. Ukraina nashrlari xabar qilishicha, harbiy harakatlar oqibatida ukrainlarning SkyUp loukosterining ushbu aeroportda turgan Boeing 737 samolyoti yonib ketgan.

Kompaniya matbuot xizmati feysbukdagi sahifasida «ayni vaqtda samolyot holati va shikastlanish darajasini aniq bilish imkonsizligi» aytilgan. «Mamlakatdagi 36 xodim ayni vaqtda xavfsiz joyda, ular bilan aloqa o‘rnatilgan», deya xabar bergan SkyUp.