Birinchi uchrashuv – bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi edi. Ma’lumki, MDH doirasida juda ko‘plab hamkorlik va muloqot formatlari bor. MDH davlat rahbarlari kengashi, bosh vazirlari kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi va h.k.

MDH tashqi ishlari vazirlarining oxirgi kengash uchrashuvi o‘tgan 2022 yilning oktyabr oyida, qo‘shni Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan edi. MDH – bu sobiq SSSRdan keyingi “tinch ajrashish uchun” tuzilgan tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Samarqandga, MDH tashqi ishlar vazirlari kengashida qatnashish uchun 9 davlat xorijiy vazirlari to‘planishdi, bu – O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarboyjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston.

Ukraina, Gruziya va Moldova tashqi ishlar vazirlari bu kengashda ishtirok etishmaydi. Gruziya rasman MDHdan chiqib ketganiga ancha bo‘ldi. Moldova va Ukraina ko‘p yillardan beri MDHdan uzoqlashmoqda.

Ikkinchi forum – bu Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirlarining muloqot yig‘ilishi bo‘ldi.

Keyingi, uchinchi muhim uchrashuv – bu Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlari vazirlarining yig‘ilishi. Samarqandda Afg‘oniston qo‘shnilarining 4-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu format 2021 yil sentabr oyidan buyon mavjud. Uning ishtirokchilari – Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondir.

Afg‘oniston bo‘yicha uchrashuvdan so‘ng tashqi ishlar vazirlari bayonot ham tarqatishgan. Bayonotda Afg‘onistondagi murakkab vaziyat AQSh zimmasiga yuklatilgan. AQSh va uning NATO doirasidagi ittifoqchilarining Afg‘onistonda 2001-21 yillarda olib borgan harbiy operatsiyasi “muvaffaqiyatsiz eksperiment” deb atalgan.

Samarqanddagi ushbu uchrashuvlar, dunyo geosiyosatida yuz berayotgan katta voqealar va o‘zgarishlar fonida kechmoqda. Rossiya-Ukraina urushi, rasmiy Moskvaning global vaziyatini ancha murakkablashtirdi. Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalari Moskvani sharqqa va janubga yuzlanishga majbur qildi.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlar ham kuchayib, chigallashib bormoqda. Xitoy, Rossiya va Eron – bu uchala davlat ham Samarqanddagi uchrashuvlarda qatnashdi, ular – AQShning eng ko‘zga ko‘ringan opponentlari yoki dushmanlari. Dunyo iqtisodiyotida dollardan voz kechish jarayoni tezlashdi. Bu jarayonga hattoki Saudiya va uning arab ittifoqchilari, Fransiya, Braziliya va boshqa davlatlar ham qo‘shilmoqda.