Pentagon ma’lumotlariga köra, uruş boşlanganidan beri Qöşma Ştatlar Ukrainaga 35 milliard dollardan ortiq yordam körsatgan. Ramştayndagi yiğilişda idora boşliği Ostin Kiyevni sözsiz qöllab-quvvatlaşga işontirdi. 

21 aprel, juma kuni Germaniyaning Ramştayn aviabazasida Ukraina mudofaasi böyiça aloqa guruhi yiğilişida AQŞ mudofaa vaziri Lloyd Ostin «Ukrainadagi erkinlik kuçlari»ga xalqaro yordam özgarişsiz, keng va kuçli bölib qolişiga işontirdi.

«Ukraina öz fuqarolarini, infratuzilmasini va bölinmalarini Rossiya raketalari tahdididan himoya qiliş uçun zudlik bilan bizning yordamimizga muhtoj», dedi u hamda Ukrainaga yordam zarur bölgan vaqtgaça davom etişini ta’kidladi. Uruş boşlanganidan beri AQŞ allaqaçon Kiyevga 35 milliard dollardan ortiq harbiy yordam bergan, deydi Ostin. U uruş maydonida Ukraina uçun ahamiyatli bölgan şeriklarning sa’y-harakatlari Kreml naqadar notöğri öylaganini körsatib qöyganini bildirdi. 

NATO boş kotibi Yyens Stoltenberg ham Kiyevga keyingi harbiy yordamni va’da qildi. «Ukrainada logistika uruşi ketmoqda», - dedi u hamkor davlatlar mudofaa vazirlari yiğilişi boşlanişidan oldin. Uning sözlariga köra, Ukrainaga allaqaçon yetkazib berilgan tizimlarni iş holatida saqlaş muhim ahamiyat ega. «Bizga öq-dorilar, ehtiyot qismlar va yoqilği kerak», dedi u. 

«Ramştayn» formatidagi ön birinçi va aviabazada törtinçi yuzma-yuz uçraşuvda iştirokçi davlatlar Ukrainaga keyingi harbiy yordamni muvofiqlaştiriş niyatida. Pentagon rahbari sözlariga köra, bunda asosiy e’tibor öq-dorilar va havo hujumidan mudofaa vositalarini sotib olişga qaratiladi. Ayni paytda, Kiyev uzoq vaqtdan beri zamonaviy qiruvçi samolyotlar va uzoq masofaga uçuvçi qurollarni söramoqda.