30 yillar qatag‘oni davrida qo‘llangan qiynoqlar ayrim mahbuslarni aqldan ozdirgan. Ba’zilar esa qiynoqlarga dosh berolmay, tuhmat qilishga majbur bo‘lgan. Qodiriy-chi, u shunday vaziyatda nima qilgan? Quyida akademik Naim Karimovning buyuk adibning tergov jarayonlari tasvirlangan “Abdulla Qodiriyni kim tergov qilgan? Yoxud tergovchilar savoliga Qodiriy javoblari” maqolasi to‘lig‘icha e’lon qilinadi.

…Qodiriyning tergovchilarga bergan mazkur ko‘rsatmasini o‘qigan o‘quvchilarda o‘zgacha fikr ham paydo bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, tergov chog‘idagi qiynoqlar sababli ayrim mahbuslar aqldan ozishgan, ayrimlari boshlarini metin devorlarga urib, qattiq jarohat olishgan, keksa yoshdagilar esa qiynoqlardan vafot etishgan. Ba’zilar esa qiynoqlarga dosh berolmay, o‘zlariga ham, o‘zgalarga ham tuhmat qilishga majbur bo‘lgan. Shunday dahshatli holatga tushgan Qodiriy o‘ziga o‘zi tuhmat qilishga majbur bo‘lmaganmikan?..

Men bunday fikrda emasman. Bunday deyishimga sabab tergov davomidagi mana bu savol-javoblardir:

«Savol: Siz millatchi sifatida qaysi sovetlarga qarshi tashkilot foydasiga ishlagansiz?

Javob: Men burjua millatchisi sifatida o‘z oldiga Sovet hokimiyatini ag‘darish maqsadini qo‘ygan sovetlarga qarshi o‘zbek burjua millatchilik tashkiloti foydasiga ishlaganman. Mening matbuot va adabiyot sohasidagi amaliy ishim sovet hokimiyatiga qarshi qaratilgan, shuning uchun shu tashkilot rahbarlari Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jayev tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganman, mening sovetlarga qarshi asarlarim shaxsan ularning topshirig‘iga binoan ommaviy adadda nashr etilgan va keng tarqatilgan.

Savol: Ayting-chi, siz qachon, kim tomonidan va qanday sharoitda O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan sovetlarga qarshi millatchilik tashkilotiga yollangansiz?

Javob: O‘zbekistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki kunlarda millatchilik kurashi yo‘liga o‘tganim uchun men amalda sovetlarga qarshi o‘zbek millatchilik tashkilotining keksa va faol qatnashchilaridan biriman, ammo rasman bu tashkilotga a’zo bo‘lmaganman…

Mustabid sovet davlati hududida yashagan barcha xalqlar tarixining musibatli va eng fojiali davri — 1937 yil o‘zbek xalqi xotirasida ham mudhish sana sifatida muhrlangan. Chunki shu yili Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon singari adiblar, Fayzulla Xo‘jayev kabi davlat arboblari, Abduvahob Murodiy, Sattor Jabbor, G‘ozi Olim Yunusovdek olimlar qatag‘on etildi. Ular o‘zbek xalqining bir necha asrlik turg‘unlik davridan keyin yetishib chiqqan buyuk farzandlari edi. Shu tariqa endigina shakllanib, kamol topib borayotgan yangi o‘zbek fani, texnikasi, maorifi, adabiyoti va san’ati qo‘porib tashlandi.