«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning tasdiqlashicha, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning o‘g‘li Ukrainada jang qilgan. U bu haqda 21 aprel kuni chiqqan intervyuda aytib o‘tgan. Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, Dmitriy Peskov o‘z o‘g‘lini «Vagner» XHK safiga «oddiy artilleriyachi» sifatida «qabul qilish»ni so‘ragan, u esa bu ishni «Uragan» baravar o‘t ochish reaktiv tizimida «mutlaqo yaxshi uddalagan».

Prigojin aniq shaxs nomini aytmagan, ammo uning aniqlik kiritishicha, bu o‘z vaqtida AQSh yoki Angliyada yashab kelgan yigitdir. Bu ta’rif esa Dmitriy Peskovning katta o‘g‘li, 33 yoshli Nikolay Choulzga mos keladi, u 10 yil davomida Buyuk Britaniyada istiqomat qilgan va 2011–2012 yillarda Rossiyaga qaytib kelgandi.

Prigojinning aytishicha, Dmitriy Peskov unga 2022 yil yozida murojaat qilgan — u esa Kreml rasmiysiga o‘g‘lini RF mudofaa vazirligiga jo‘natmaslik kerakligi, chunki bu holda u «shtabda o‘tirishi yoki to‘p yemi bo‘lib ketishi»ni aytgan. Prigojin Peskovning o‘g‘lini XHKga «soxtalashtirilgan hujjatlar orqali qabul qilgani, uning familiyasi, ismi va sharifi o‘zgartirilgani», u tayyorgarlik jarayonidan o‘tgani va shartnoma asosida yarim yil xizmat qilib, ta’tilga ketganini aytgan.

RBK nashri xabar berishicha, Dmitriy Peskov o‘z o‘g‘li Ukrainadagi urushda qatnashganini tasdiqlagan. «Ha, u chindan ham maxsus harbiy amaliyotda ishtirok etdi. Boshqa tafsilotlarni gapirmoqchi emasman, buning mening ishimga aloqasi yo‘q», — degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

Nikolay Choulz «Komsomolskaya pravda»ga intervyu bergan va otasi unga Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» boshlanganida «Vagner» bilan aloqaga chiqishda yordam qilganini aytgan. «„Maxsus harbiy amaliyot“da qatnashishga qaror qilganimda, u yerga qanday borishni bilmasdim. Shunday qilib, otamga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. Men undan XHK bilan qanday qilib to‘g‘ri bog‘lanishim mumkinligini so‘radim. Va u bunda menga yordam ko‘rsatdi», — degan Choulz. Uning so‘zlariga ko‘ra, u buni o‘z burchi deb bilgani uchun jang qilishga otlangan, yaqinlari esa bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan. «Qayerga ketayotganimni tushunib turganimga qanchalik ishonchim komilligini so‘rashdi. Men javob qaytardim: „Ha“. Va ular olg‘a deyishdi», — degan Choulz.