Qandli diabet — og‘ir kechadigan surunkali kasallik bo‘lib, uni haqli ravishda XXI asr epidemiyasi deb atashadi. Yildan yilga qandli diabet bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa diabet ayniqsa yashash darajasi past va o‘rtacha bo‘lgan davlatlarda shiddat bilan ko‘payayotganini qayd etmoqda.

Lekin aholi jon boshiga daromad yuqori bo‘lgan davlatlarda ham statistika yetarli darajada tashvishli. Masalan, jahonda 20 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘rtasida 537 million kishi qandli diabetga chalingan — bu balog‘at yoshidagi har o‘n insondan biri degani. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 643 milliongacha, 2045 yilda 783 milliongacha ko‘payadi. Diabet inson hayoti sifatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi, ko‘z ojizlashishi, buyrak yetishmovchiligi, infarkt va insultlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Republik nashri jurnalisti Iroda Sadrayeva endokrinolog Anna Belyayeva bilan birgalikda nega bu kasallik ko‘payayotgani, profilaktika qilish 2-tipdagi diabetdan qutulib qolishga qanday yordam berishi haqida suhbatlashdi.

Qandli diabet insulinning noto‘g‘ri ishlashi bilan bog‘liq metabolik buzilishlarning butun bir kompleksini qamrab oladi. Kasallik oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishda buzilishi yoki organizm ishlab chiqarilgan insulindan samarali foydalana olmasligi tufayli paydo bo‘ladi. Ikkinchi holat insulinrezistentlik deb ataladi.

Qandli diabet qanday paydo bo‘ladi?

Glyukoza — inson organizmidagi asosiy energiya manbai, u oziq moddalar bilan tanamizga kiradi. Glyukozani insonning bosh miyasi va boshqa organlari «iste’mol» qiladi. Insulin esa oshqozon osti bezidagi β («beta») hujayralar orolchasi tomonidan ishlab chiqariladigan gormon. Uning asosiy vazifalaridan biri glyukoza miqdorini zaxira va nazorat qiladi. Aynan insulin glyukozani hujayralarga tashib, uning qondagi miqdorini kamaytirib turadi. Agar insulinning ishlash tizimi buzilsa, qonda qand miqdori keskin oshib ketadi: