Jahon | 10:56 / 26.04.2023
9161
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Rossiya kuchlari Baxmutning g‘arbiy qismida biroz oldinga siljidi

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari Baxmutning g‘arbiy qismidagi «Baxmut-2» temiryo‘l stansiyasidan janubi-g‘arbiy tomonga biroz siljidi, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti (Institute for the study of war; ISW) yangi sharhida geolokatsiya ma’lumotlariga tayangan holda. 

Foto: Reuters

Shu bilan birga, Ukraina kuchlari shaharning shimoli-g‘arbida mahalliylashtirilgan qarshi hujumni boshladi, bu esa Xromovo orqali o‘tadigan logistika liniyasidagi bosimni yumshatishi mumkin, deydi tahlilchilar. 

Bundan tashqari, rus qo‘shinlari Avdiyivkaning janubi-g‘arbidagi Nevelskoye qishlog‘i tomon sharqqa qarab harakatlanyapti, deydi ISW ekspertlari. 

Rossiya Mudofaa vazirligi idora va XHK rahbari Yevgeniy Prigojin o‘rtasidagi ziddiyatlarga qaramay, Baxmutni qo‘lga olish uchun «Vagner» XHK bilan yaqinroq hamkorlik qilishga intilmoqda, deb yozadi Amerika urushni o‘rganish instituti.

Institut rossiyalik harbiy blogerlarning «Vagner» XHK T-90 tanklaridan foydalanayotgani haqidagi xabarlariga ishora qiladi, bundan Rossiya rahbariyati ularni yanada zamonaviy vositalar bilan ta’minlagan, degan xulosa chiqarish mumkin. 

Bundan tashqari, ISW ekspertlarining fikriga ko‘ra, Mixail Teplinskiyning Rossiya havo-desant qo‘shinlari qo‘mondoni etib qayta tayinlangani buni tasdiqlaydi. 

Institutning ta’kidlashicha, Baxmut hududida 106-havo-desant diviziyasining bo‘linmalari jalb etilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya harbiy qo‘mondonligi Ukrainadagi hujum operatsiyalari uchun mas’uliyatni havo-desant qo‘shinlari zimmasiga yuklamoqda.

Mavzuga oid