Urush qimmat, o‘ta qimmatbaho narsa

Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq etish instituti (SIPRI) tomonidan tuzilgan hisobotga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda mudofaa uchun global xarajatlar real qiymatda 3,7 foizga o‘sgan va rekord qiymat — 2,24 trln dollarga yetgan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir yildan ziyod vaqt ichida yirik hududiy urush kechayotgan Yevropada bu o‘sish so‘nggi 30 yil ichida, ya’ni sovuq urush tugaganidan buyon eng katta qiymatlarni namoyish etgan.

O‘tgan yilda eng yirik harbiy xarajatlar AQSh, Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan — bu uch davlat birgalikda butun jahondagi harbiy xarajatlarning 56 foizini qilishgan.

Biroq, xarajatlarning nisbiy o‘sishiga e’tibor qaratilsa, o‘tgan yilning harbiy sarf-xarajatlari borasida Ukraina so‘zsiz yetakchiga aylangan. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev 2022 yilda mudofaa uchun 44 milliard dollar sarflagan. Bu 2021 yildagiga nisbatan 640 foizga ko‘proq. Bu tarixdagi eng katta o‘sish, deb yozishmoqda SIPRI tahlilchilari. Ukraina mudofaa maqsadlari uchun yalpi ichki mahsuloti qiymatining 34 foizini sarflamoqda, albatta, bir o‘zi, tashqi yordamlarsiz iqtisodiyot va davlat uchun og‘ir urushni olib bora olmasdi.

Rossiyaning harbiy xarajatlari 9,2 foizga o‘sgan va 86,4 milliard dollarga yetgan. Yalpi ichki mahsulot qiymatiga nisbatan olinsa bu 4,1 foizni tashkil etadi, 2021 yildagi 3,7 foizga solishtirilsa bu ko‘pdek, lekin SSSR 1989 yilda sarflagan 14,2 foizdan baribir kamroq.

Eng katta xarajatni AQSh qilgan — 877 mlrd dollar. Bu Rossiyanikidan 10 barobar, ikkinchi o‘rindagi Xitoynikidan 3 barobar ko‘p.

Bu raqamlar edi. Endi, keling, bunday o‘sishga nimalar sabab bo‘lgani haqida gaplashamiz. Asosiy sabab — Ukrainadagi urush. Lekin bularning barchasi shunchaki jo‘n tushuntirilmasligi kerak. Keling, Ukrainadagi urushning aynan harbiy xarajatlar o‘sishiga ta’sirining uch mexanizmini o‘rganib chiqamiz.

Ko‘proq qurol kerak

Harbiy ehtiyojlar uchun xarajatlar miqdori bo‘yicha AQSh boshqa barcha mamlakatlarni katta farq bilan ortda qoldirgan