– Muhammadsolih aka, avvalo mana shu tashrif haqida, O‘shda “Bobur” nomidagi o‘zbek akademik drama teatrining qayta ochilishi haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Bugun hammamiz uchun, ikki qardosh xalqning san’atsevar muxlislari uchun quvonchli kun. Teatr ishlab turgan joyda madaniyat bo‘ladi, ma’naviyat taraladi. Davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashda ham san’atning o‘rni beqiyos.
Davlatimiz rahbarining mazkur teatrni to‘liq qayta qurib, qirg‘izistonlik qardoshlarga taqdim qilishi, bu dargohda ikki davlat san’at ustalarining hamkorlikdagi loyihalarini namoyish etishlari tahsinga sazovor. Bugungi tashrif bahona juda ko‘p qadrdonlar bilan ham uchrashdik, miriqib suhbatlashdik.
– Istaymizmi, yo‘qmi, siz bilan suhbatda “Temir xotin” spektakli haqida savol berilmay qolmaydi. Umuman bu spektakl nega aynan Farg‘ona teatrida sahnalashtirilgan va unda Qo‘chqorvoy obraziga sizning tanlanishingiz tarixi qanday?
– Adib Sharof Boshbekov “Temir xotin” p’yesasini yozgandan keyin uni Farg‘ona teatri jamoasi oldida o‘qib bergan. Hammaga yoqib, shu yerda sahnalashtirishga qaror qilingan. Men ham tinglab turib, “Qo‘chqorvoy rolini menga berishsa, o‘ynagan bo‘lardim” degan niyat tug‘ildi. Lekin rollar bo‘lingan ro‘yxatda mening ism-sharifim chiqmadi. Rejissyorimiz Olimjon Salimovga bu haqda aytganimda “Muhammadsolih, men ham bu haqda o‘ylagandim. Ammo dramaturg Sharof aka bu fikrni ma’qullamadi. “Men Qo‘chqorvoyni ozg‘in, qoramtir, ezgin qiyofadagi inson deb tasavvur qilganman. Muhammadsolih semizgina yigit ekan, bu rolga to‘g‘ri kelmaydi” deb aytdi”, deya javob berdi.

Sharof aka joylashgan mehmonxonaga o‘zim bordim va shunday dedim: “Sharof aka, hamma qo‘chqorlar ham qora, ozg‘in bo‘lavermaydi-ku. Oppoq, to‘la qo‘chqorni ham boshqalar qatori bir sinab ko‘ring. Agar yoqmasam, shu onda o‘zim chetga chiqaman” dedim. Sharof aka gaplarimga kulib, rozilik berdi.
Sinovlar boshlanganda qarasam, Qo‘chqorvoyni olishga besh kishi da’vogar, men eng oxirgisiman. Bitta-bitta repetitsiya qila boshlashdi, hammaga bittadan ko‘rinish berishgan. Menga kelganda ko‘rsatib berdim. Darrov yana bir sahna ko‘rinishida sinab ko‘rishdi. Keyin boshqalarni to‘xtatib qayta-qayta sinay boshlashdi. Shunda mendan oldingi da’vogarlar hammasini tushunib qolishdi. Biri hatto ovoz chiqarib “E, bu rolni biz o‘ynamasligimiz aniq bo‘ldi”, deb baqirib chiqib ketdi.
Sahnalashtirdik, keyin televizorda ko‘rsatildi. “Navro‘z” uzluksiz marafoni qayta ko‘rsatilganida esa butun respublika ko‘rdi. Shu tarzda qayerga borsam Qo‘chqorvoy bo‘lib ketdim. Shundan beri Qo‘chqorvoy aka, yoki “Toshkentga sayohat”dagi boy obrazini eslab Boy ota deb chaqirishadi. Mashhurlik qiziq-da, meni biror marta “GAI” to‘smagan, ko‘rib qolishsayam “Ha, Qo‘chqor aka”, deb salom berishadi. Muxlislarning boriga shukr.
















