Volodimir Zelenskiy Si Jinping bilan muzokaralar chog‘ida «Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatish» masalasi muhokama qilingani haqida aytdi. 

«Hech kim Ukraina xalqichalik tinchlik istamaydi. Biz — o‘z yerimizdamiz va o‘zimizni himoya qilishga bo‘lgan ajralmas huquqimizdan foydalangan holda kelajagimiz uchun kurashyapmiz. Tinchlik xalqaro huquq tamoyillari va BMT Nizomiga hurmat asosida, adolatli va barqaror bo‘lishi kerak. Hududiy yon berishlar orqali tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi 1991 yilgi chegaralarda tiklanishi kerak», — deya yozdi Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.

U shuningdek, ushbu qo‘ng‘iroq, Ukrainaning Xitoydagi elchisi tayinlanishi kabi o‘zaro munosabatlar rivojiga katta turtki berishiga ishonch bildirgan.

Ko‘p o‘tmay Zelenskiy Pavel Ryabikinni Ukrainaning Xitoydagi yangi elchisi etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Ryabikin muqaddam strategik sanoat vaziri sifatida ishlagan.

AFP agentligi yozishicha, Pekin ushbu telefon muloqoti Ukraina tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

Ukraina va Xitoy rahbarlari telefon orqali gaplashishini XXR raisining Moskvaga amalga oshirgan uch kunlik tashrifidan keyin kuta boshlashgandi, bu yerda u RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Si Jinping Ukrainadagi urush boshidan buyon ilk bor prezident Zelenskiy bilan gaplashmoqchi ekani haqida Wall Street Journal nashri uning Moskvaga tashrifidan ham oldinroq yozgandi.

Tashrif 20-22 mart kunlari amalga oshirildi. Mart oyi oxirida Financial Times Yevropa Ittifoqi Si Jinpingni Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga ko‘ndirishga urinayotgani haqida xabar bergandi. Nashr manbasi qayd etishicha, Xitoyning Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdorligi ijobiy signal sifatida baholanishi kerak.

Zelenskiyning o‘zi mart oyida Yomiuri Shimbun gazetasiga bergan intervyusida diplomatik kanallar orqali XXR raisi bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha taklif yuborganini aytgandi. Aprel oyi boshida Xitoy rahbari Ukraina prezidenti bilan gaplashishga tayyorligini aytdi.

Reuters agentligi yozishicha, bugun Xitoy davlat nashrlari Si Zelenskiyga Pekin Ukrainaga maxsus delegatsiya yuborishga va tinchlikka intiluvchi barcha tomonlar bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini aytgan.