Samarqand tumanidagi sayyohlik markazi hududida joylashgan eshkak eshish kanalida o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish, shuningdek, parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.


Musobaqaning 27 aprel kuni o‘tkazilgan ikkinchi kungi bahslarida O‘zbekiston jamoasi atletlari 10 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Tabiiyki birinchi kungi poygalarda 6 ta oltin olgan o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida yaqqol ustunlik qilmoqda.


Birinchi kungi bahslarda O‘zbekistondan keyin eng ko‘p oltin medal qo‘lga kiritgan Eron jamoasi 27 aprel kuni 10 ta medal yutdi. Ammo ulardan faqat bittasi oltin bo‘ldi.

Kunning eng quvnoq atleti bo‘lgan eronlik parakanoechi Islom Jahidi 500 metrga o‘tkazilgan poygalarda ikki hindistonlik raqibini ortda qoldirib, Eronga kunning yagona oltinini keltirdi. U shohsupaga ko‘tarilayotganda raqiblari bilan qo‘ltiqtayoqda ko‘rishib hazillashdi-da, tomoshabinlarga yaxshi kayfiyat ulashdi.

27 aprel kuni Qozog‘iston jamoasi juda yaxshi qatnashdi. Qo‘shni davlat atletlari kun yakunlariga ko‘ra 7 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, hindistonlik atletlar ham ikkinchi kungi poygalarda juda faol bo‘lib, ko‘plab medallarga ega chiqdi.


Kun yakunida Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan ba’zi atletlar bilan suhbatlashdik.























