1916 yil 21 noyabr tongida Britaniya okean layneri “Britannik” Egey dengizi bo‘ylab suzib borardi. U birinchi jahon urushi ketayotgani sabab shifoxona kemasi sifatida qayta jihozlangandi. O‘sha kuni kema nemis minasiga urilib ketadi va cho‘ka boshlaydi. Hamshira, kema styuardessasi Violet Jyessop o‘sha payti endigina nonushta qilishga o‘tirgandi. U qutqaruv qayig‘iga chiqishdan oldin o‘ziga kerakli narsalarni olishga shoshiladi. Violetning bu darajada xotirjamligi sababi u bundan oldin ham ikki marta dahshatli kema fojialaridan omon qolganida edi.

“Cho‘kayotgan kemalar malikasi”, “Suvda cho‘kmas xonim” kabi iboralar bilan eslanadigan Violet Jyessop 3 marta juda yirik kema halokatlariga duch keladi va hammasidan o‘ziga bo‘lgan ishonch, kuchli iroda sabab omon qoladi. Oxirgi marta “Britannik” kemasida baxtsiz hodisaga uchraganidan so‘ng ham yana 32 yil, to nafaqaga chiqquncha kemada ishlashni to‘xtatmaydi.
Violet Jyessop kim edi?
Violet Konstans Jyessop 1887 yilda Argentinada irland immigrantlari oilasida tug‘ilgan. Jyessopning oilasi chorvachilik bilan shug‘ullanardi. U bolaligida og‘ir kasalliklar: tif va tuberkulyozga chalinib, deyarli o‘lim yoqasidan qaytadi. Tuzalib ketgani esa deyarli mo‘jizaga teng hodisalar edi.
“Violetni hayotga bo‘lgan kuchli muhabbat davolagan”, deb yozadi uning xotiralari muallifi Jon Makston-Grem.
1903 yilda Jyessopning otasi vafot etgach, uning oilasi Angliyaga ko‘chib kelishadi. O‘shanda Jyessop 16 yoshda edi. Onasi Ketrin oilani boqish uchun Atlantika okeanini kesib o‘tuvchi paroxodlarda styuardessa bo‘lib ishlay boshlaydi.
5 yillik dengizdagi ishdan so‘ng Ketrin kasallikka chalinadi va 21 yoshli Violet oilaning yolg‘iz ta’minlovchisiga aylanadi. U onasining izidan borib styuardessalikni tanlaydi. Garchi styuardessalikka juda yoshlik qilsa-da, Violetning xushmuomalaligi va ingliz, ispan, fransuz tillarini bilishi ishga kirishiga yordam beradi.
Kemalardagi karera
Violet 1911 yilda White Star Line kompaniyasiga qarashli uchta mashhur “opa-singil” kemalarning birinchisi, o‘z zamonasining eng mashhur “Olimpik” kemasida ish boshlaydi. O‘sha yilning sentabr oyigacha hammasi yaxshi ketadi. Biroq 1911 yil 20 sentabrda “Olimpik” kemasi boshqa Britaniya kemasi bilan to‘qnashib ketadi. Olimpik kemasining suv chizig‘idan pastki qismida katta yoriq paydo bo‘ladi. Baxtsiz hodisaga uchragan bo‘lsa-da, kema amallab Angliyaga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.



















