Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari yana bir bor Ukraina hududlariga yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, jami 18 ta raketa uchirilgan, ukrainlarning havo hujumidan mudofaa kuchlari shundan 15 tasini urib tushirgan. Kiyevda havo hujumidan mudofaa tizimi barcha hujumlarni qaytargan, ammo Dnipropetrovsk oblastida raketa zarbasi tufayli o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy soat 02:30 da rossiyaliklar Ukraina hududigga strategik aviatsiyadan zarbalar yo‘llagani haqida yozdi - Olenegorsk rayoni (Murmansk oblasti) da Tu-95 to‘qqizta, Kaspiy dengizi hududidagi Tu-160 ikkita raketa uchirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlardan jami 18 ta X-101/X-555 rusumli qanotli raketalar yo‘llangan, ukrain harbiylari esa ularning 15 tasini yo‘q qilgan.

Ukraina hududida uch soat davomida havo trevogasi amalda bo‘ldi.

Pavlogradda raketa zarbasi oqibatlari

Eng jiddiy vayrongarchiliklar Dnipropetrovsk oblastining Pavlograd shahrida kuzatildi - mamlakat sharqidagi bu shahar front chizig‘iga 100 km masofada joylashgan.

Yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yorqin chaqnash va portlashlarni ko‘rish mumkin. Rossiyadagi ayrim telegram-kanallar shunga ko‘ra ukrainlarning o‘q-dori ombori zarbaga uchraganini taxmin qilgan.

«Dushman raketalar bilan hujum qildi. Ulardan yettitasi «Vostok» havo qo‘mondonligi harbiylari tomonidan urib tushirildi. Ammo nishonga tekkanlari ham bo‘ldi», deya yozgan tunda Dnipropetrovsk oblasti rahbari Sergey Lisak o‘z telegram-kanalida.

Lisak shahardagi sanoat korxonalaridan birida yong‘in boshlangani, yong‘in tez orada o‘chirilgani haqida xabar qilgan. Ma’muriyat rahbari «aholi yashash hududida 19 ta ko‘p qavatli uy, 25 ta xususiy uy, oltita maktab va bog‘cha binolari, beshta do‘kon shikastlangani»ni qo‘shimcha qilgan.

SERGEI LISAK/ UKRAINIAN AUTHORITIES

Lisakning so‘zlariga ko‘ra, Pavlogradda raketa zarbasi oqibatida 34 kishi, jumladan uch bola ham (eng kichigi sakkiz yoshli qizcha) turli darajada tan jarohatlari olgan. Lisakning ma’lumotiga ko‘ra, 45 va 55 yoshlardagi ikki ayol jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.