Go‘zalxon Haydarova 2005 yilda Namangan viloyati Chortoq tumanida tavallud topgan. Dastlab Toshkentda, keyin esa viloyatdagi ixtisoslashgan maktab internati va prezident maktabida o‘qigan. U 2023 yilning avgustidan AQShning Harvard universiteti bakalavriat bosqichida muhandislik yo‘nalishida o‘qishini davom ettiradi. Go‘zalxon Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qiziqishlari, top universitetlarga qabul jarayonlari haqida gapirib berdi.
“Prezident bo‘laman”
Avvaliga Toshkentdagi 246-maktabda o‘qiganman, 6-sinfda Namanganga ko‘chganmiz. O‘sha yerda 5-DIMI (Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati)da o‘qishni boshlaganman, 8-sinfda prezident maktabiga topshirib, shu maktabga qabul qilinganman. Prezident maktabiga kirishim hayotimda katta burilish bo‘lgan deb o‘ylayman, chunki muhit o‘zgacha edi. Maktabning akademik jihatdan qiyinligi o‘z ustimda ishlashimga majbur qilgan. Fanlarni ingliz tilida o‘tish – men uchun yangi dunyo edi. Ota-onamdan uzoqda bo‘lib, yangi sinfdoshlar bilan o‘qish ham juda qiyin bo‘lgan.
5-DIMIda matematikaga ixtisoslashtirilgan sinfda o‘qiganman. Shunda aniq fanlarga qiziqardim. Lekin qaysi sohadan borishimni bilmasdim, boshida prezident maktabida biologiya, kimyo, fizika, informatika fanini ham o‘qiganman. 10-sinfdan boshlab 2 ta fanni tanlash imkoni berilgan, O‘shanda men fizika va informatika fanlarini tanlagandim. Shu paytda aerokosmik muhandislik sohasida o‘qishim kerakligini ich-ichimdan his qilganman. Sohalarda juda ham ko‘p “sakraganman”. Birinchi sinfda “prezident bo‘laman”, derdim, undan keyin shifokor ham bo‘lmoqchi bo‘lganman. Prezident maktabiga kirganimdan so‘ng ancha vaqtgacha kim bo‘lishimni bilmay yurdim. 9-10-sinf paytlarimda aerokosmik muhandislik sohasini qat’iy tanladim.
Prezident maktabining ko‘p bitiruvchilari “El-yurt umidi” fondi orqali chet elga o‘qishga ketishgan. Birinchi navbatda, shularga havas qilganman. Lekin Prinston universitetiga topshirish fikri “TechGirls” xalqaro dasturida ishtirok etayotganimda kelgan. Mentorim qaysi sohaga o‘qishimni so‘ragan, men aerokosmik muhandislik sohasida o‘qishni xohlashimni aytganman. Shunda u menga Prinston universiteti yaxshi variant ekanini tavsiya qilgan.
“Xorijning yaxshi universitetlariga faqatgina SAT, IELTS bilan kirish qiyin”
Ko‘pchilik mendan IELTS, SAT haqida so‘rashadi. Lekin faqat IELTS va SAT bilan ish bitmaydi. Undan tashqari, qilinadigan ishlar ko‘p. O‘zim 10-sinfligimda IELTSʼdan 7,5 ball olganman, SAT ham topshirganman 2 marotaba. Lekin natijam qolganlar bilan solishtirganda o‘ta yaxshi bo‘lmagani uchun hujjatlarimni SAT’siz topshirganman. Ya’ni SAT’ga kuchli bog‘lanib qolmaslik kerak. To‘g‘ri, SAT bilan xorij universitetiga kirish ehtimoli ortadi, lekin bu butun hayotni bitta testga tayyorlanish uchun o‘tkazishga arzimaydi.










