“Dengiz zahmatkashlari”da orolning o‘ziga xos xususiyatlari zo‘r mahorat bilan tasvirlanganiga muallif voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, kuzatgani sabab bo‘lsa, asarning tug‘ilishiga, badiiy yuksak bo‘lishiga Hyugo bosib o‘tgan uzoq kurash va ijod yo‘li, uning adabiyot sohasidagi 40 yillik tajribasi sabab bo‘ldi.
Syujyet:
Asar voqealarining asosida Jilyat ismli baliqchi yigit turadi. U Gernsey orolining bir burchagidagi kulbada onasi bilan yashaydi. Onasi vafot etgach butunlay yolg‘izlanib qoladi va odamoviga aylanadi. Uning dunyoqarashi atrofidagi odamlarga nisbatan keng, turli kitoblari bor bo‘lganligi uchun odamlar uni jodugar deb ham atashadi.
Asarning yana bir qahramoni janob Leteri. U jiyani, asrandi qizi Deryushetta bilan yashaydi. Deryushettaga og‘ir mehnat qildirmay, uni aslzodalardek o‘stirgan. O‘zining bug‘ mashinali zamonaviy kemasi va bu kema vositasida biznesi mavjud. Kemaning nomi esa “Dyuranda” edi. Jilyat o‘zi bilmagan holda Deryushettaga oshiq bo‘lib qoladi. Har kuni uni yashirincha kuzatadigan, tinmay qiz haqida xayol suradigan bo‘lib qoladi.
Kunlardan bir kun janob Leterining kemasi Duvr qoyalarining biriga urilib, halokatga uchragani haqida xabar keldi. Kema kapitani, Leterining ishongan shogirdi Klyubin kemada qolganini, mardonavor halok bo‘lishni xohlaganini eshitib Leteri qattiq kuyunadi, kemasining halokatidan so‘ng tushkunlikka tushadi. Unga kema korpusi parchalangan bo‘lsa-da, uning bug‘ mashinasi bus-butun holatda qoyaga ilinib turganini aytishadi. Bu habardan Leteri yana jonlanadi. Kim shu mashinani saqlab qolsa, jiyanini berishga va’da berib yuboradi. Ammo bu ish juda mashaqqatli, deyarli ilojsiz edi.
Jilyat Deryushettaga yetishish imkonsiz deb o‘ylardi. Endi esa uning qalbida umid uchqunlandi. O‘ylab o‘tirmay bu og‘ir yumushni o‘z bo‘yniga oldi va ertasiga yo‘lga otlandi. Yigit qutqarish yo‘lida mislsiz qiyinchiliklar, og‘ir holatlar, azobli kunlarni boshidan o‘tkazadi. Tabiat bilan qattiq kurash olib borib, bu kurashda g‘alaba qozonadi.
Kema mashinasini bandargohda ko‘rgan Leterining holatini tasvirlash qiyin. Ammo Deryushetta allaqachon Ebenazar ismli ko‘rkam yigitga ko‘ngil berib qo‘ygan edi. Buni Jilyat tasodifan bilib qoladi va hamma orzu-umidlari chilparchin holatda oxirgi kuchini to‘plab ikki sevishganni birlashtiradi. Asar so‘ngida esa o‘z joniga qasd qiladi. Tabiatni yengolgan yigitning irodasi qalb og‘rig‘ini, ko‘ngil azobini yengolmaydi.
Tahlil:
Hyugo “Dengiz zahmatkashlari”da bayon etilgan voqealarni yaqin o‘tmish qilib tasvirlarkan, o‘z qahramonlarini La-Mansh arxipelagi aholisi orasidan topdi. Bu yerda ham taraqqiy etgan kapitalistik mamlakatlardagichalik bo‘lmasa-da, pulning har narsadan ustunligi baribir ko‘rinib turardi. Leteri Deryushettaga boy kuyov mo‘ljallagani, Klyubenning boylik uchun qilgan munofiqliklari buning yaqqol dalilidir.














