Rossiya rahbari 2021 yilning fevral-mart oylaridayoq Kiyevga hujum qilish bo‘yicha bir qarorga kelgan. Bosqin uchun bir yil tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramasdan, Kreml bu vaqt ichida noto‘g‘ri nuqtayi nazarlar va hisob-kitoblarga ko‘ra ish ko‘rgan, deyishmoqda «Vyorstka» nashri suhbatlashgan manbalar.

Onlayn nashr jurnalisti Ilya Jyegulyov RF prezidenti Vladimir Putin Ukrainani qachon va nima uchun yomon ko‘rib qolgani, urushni boshlash rejasiga nimalar asos bo‘lgani va qachon qarorga kelingani haqida Kremlga va Putinga yaqin turli anonim manbalar bilan gaplashib xronologiya tuzib chiqqan.

* * *

Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin siyosiy texnologlardan biri eslashicha, Moskva oblastida 2013 yilgi gubernatorlik saylovlaridan so‘ng siyosiy texnologlarning ulkan jamoasi kuratorlaridan biri qo‘llarini bir-biriga ishqagancha shunday degandi: «Xo‘sh, yigitlar, barakalla. Endi G‘arbiy Ukrainaga mashq qilish uchun yo‘l olasizlar».

Uning aytishicha, 10 yil avval «yomon xoxollar» degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan: rossiyalik texnologlar Viktor Yanukovichning jamoasi bilan ham, uning yevropaparast raqiblari jamoasi bilan ham ishlayverishgan, hech kimda hech qanday savol tug‘ilmagan. Siyosiy texnologlar barcha tomonlardan buyurtma olib, pul ishlayvergan: «Rus va ukrain futbol muxlislari o‘rtasida qanchalik mustahkam aloqalar bor edi. Hattoki millatchilar ham o‘zaro do‘stlashishgandi».

Kremlning Ukrainaga munosabati 2014 yil fevralidagi sanoqli kunlar ichida o‘zgarib ketgandek tuyuladi. O‘shanda Putin Qrimni anneksiya qilish bo‘yicha yakka o‘zi qaror qabul qilgandek ko‘rinadi. Lekin aslida bunday emas: guvohlarning so‘zlashicha, Rossiya prezidenti miyasida qo‘shni davlat haqidagi fikrlar ancha avval rivojlana boshlagan.

«Bizning qanjiqvachchamiz»

2004 yilgi «zarg‘aldoq inqilob»gacha Moskva va Kiyev o‘rtasida faqat bir marta jiddiy kelishmovchilik ro‘y bergan: 2003 yili Azov dengizidagi Tuzla oroli bahs mavzusiga aylanadi. Orolda baliqchilarning 30 ta oilasi yashardi. Qandaydir onda Rossiya baliqchilar orolining qirg‘og‘ini kengaytira boshlagan, bu qattiq norozilik keltirib chiqarib, Ukraina muntazam qo‘shinlari orolni himoya qilishga ham o‘tgan. Alaloqibatda ikki davlat Azov dengizi va Kerch bo‘g‘ozida hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma imzolab, ziddiyatni unutib yuborishadi.