Orda.kz nashri sobiq SSSRning qolgan respublikalarida 9 mayni nishonlash qay ahvoldaligi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning bu bayramga ta’siri bor-yo‘qligi, bu bayramni qanday nishonlash kerakligini tahlil qilib chiqdi.

9 may kuni SSSR oliy soveti prezidiumi qarori bilan fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alaba kuni va «umumxalq bayrami kuni» deb e’lon qilingan edi. G‘alaba kuni o‘nlab yillar davomida sovet ittifoqidagi muhim bayramlardan biri sifatida nishonlanib kelgan. 2000 yilda Vladimir Putin Rossiya prezidenti bo‘lgach, bu sana katta tantana bilan nishonlana boshlandi. Rossiyalik rasmiylar bu sanadan urushda o‘lgan millionlab insonlarni xotirlash kuni bilan cheklanmasdan, eng yangi harbiy texnikalarni ko‘z-ko‘z qilish yo‘lida foydalana boshlashdi.

Boshqa sobiq sovet respublikalarida ham g‘alaba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi, garchi tadbirlar biroz kamtarona bo‘lsa-da.

Biroq, 2020 yilgi pandemiya davrida yurishlarni to‘xtatib turishga to‘g‘ri keladi. Shunisi e’tiborliki, sobiq ittifoqning ayrim davlatlari global lokdaundan so‘ng bayram qilishda davom etishdi, boshqalari qonunchilik darajasida g‘alaba kunidan voz kechishdi.

Sukutli diplomatiya yoki o‘zlikni qidirish

Qozog‘istonda g‘alaba kuni sharafiga so‘nggi harbiy parad 2019 yilda o‘tkazilgan. 2020 va 2021 yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli ommaviy tadbirlardan voz kechildi. O‘tgan 2022 yilda ham parad o‘tkazilmagandi. Mudofaa vazirligi parad uchun sarflanadigan pullar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga yo‘naltirilgani ma’qul, deb tushuntirishdi. Bu yilgi sabab ham shu.

Biroq, rossiyalik siyosiy emigrant, so‘l aktivist va publitsist Aleksey Saxnin iqtisodiy qiyinchiliklarga havola qilish ayyorlik ekanini ta’kidlagan:

«Bunday bayramlardan ham katta bayramlarni o‘tkazish davlat budjeti imkoniyatlari oldida hech narsamas. Ular muammo yaratmaydi. Hozir Qozog‘iston har bir tanga hisobda bo‘lgan iqtisodiy tanazzul sharoitada ham emas. Fikrimcha, bu — ushbu qadamlar ortida turgan asl maqsadlarni yashirish yo oqlash uchun bir bahona», — deydi Saxnin.

Aleksey Saxnin. Foto: shaxsiy arxividan

Saxinning fikricha, asosiy sabab bu voqea atrofida yillar davomida xalqlarni yaqinlashtirish uchun shakllatirib kelingan topinish va xotirlash majmuasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng o‘zining ahamiyatini yo‘qotgan.