BBC muxbiri Jonatan Bil front shaharda bo‘lib reportaj tayyorladi.

Shahar chekkasidagi bunkerda Ukrainaning 77-brigadasi harbiylari artilleriya zarbalari uchun mo‘ljal olmoqda. Artilleriya shaharning g‘arbiy qismidagi so‘nggi mudofaa liniyasida turgan piyodalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ukrain armiyasi hamon Baxmutning bir qancha ko‘chalarini ushlab turibdi.

Shu bilan birga shahar ustida uchib yurgan dronlar orqali olingan videolar va shahar tashqarisida turgan artilleriyachilarning tayyorligidan ko‘rish mumkinki, Rossiya oxir-oqibat shahardagi qolgan ko‘chalarni egallagan taqdirda ham bu ular uchun Pirr g‘alabasiga (miloddan avvalgi IV-III asrlarda Epir va Makedoniya shohi, rimliklar bilan navbatdagi jangdan keyin u ulkan yo‘qotishlarni nazarda tutib shunday degandi: «Yana bir marta shunday g‘alaba qozonsam, yonimda hech kim qolmaydi») aylanadi.

G‘olib faqat vayronaga aylangan, kimsasiz qolgan, birorta butun bino qolmagan shaharga ega bo‘ladi.

Ukraina sharqidagi unchalik katta bo‘lmagan Baxmut shahri uchun jang bu urushning eng uzoq davom etgan va eng qonli jangi bo‘lmoqda. G‘arb mamlakatlari baholariga ko‘ra, Rossiya bu yerda halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda 30 minggacha odamidan ayrilgan. Ukraina armiyasi ham bu shahar mudofaasi qimmatga tushmoqda - va ikki tomon ham yo‘qotishlar berishda davom etmoqda: jang hali yakunlanmadi.

Shahar uzra hosil bo‘lgan tutun bulutini to‘plarning tinimsiz zarbalari tarqatadi. Rossiya bir necha oydan buyon Baxmutni shturm qilmoqda va u allaqachon ukrainlarning o‘z yerining har metri uchun kurashishga bo‘lgan qat’iyati ramziga aylangan.

Shu bilan bir vaqtda Baxmut tajribasi Ukraina uchun qarshi hujumga o‘tish qanchalik qiyin vazifa bo‘lishini eslatib turibdi.

Dron uzatayotgan videoda Baxmutdagi vayrongarchiliklar ko‘lami yaqqol ko‘rinib turadi

77-brigada bunkerida shunday buyruq yangraydi: binolardan biriga artilleriya zarbasi berish. Bir necha soniya o‘tib xarobalar ustida tutun buluti ko‘tariladi. Uning ortidan ikki kishi paydo bo‘lib, ko‘cha bo‘ylab sudralishadi. Ulardan biri, aftidan, yarador edi.