Yarimfinallar oldidan Bahodir Jalolov muddatdan avval turnirning finaliga chiqqani ma’lum bo‘ldi. +92 kg vazn toifasida Bahodirga qarshi jang qilishi ko‘zda tutilgan ispaniyalik Ayub Gadfa Drissi ringga chiqmasligini bildirdi. Raqib jangdan bosh tortgach, Jalolov to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalga yo‘llanma oldi. 

Yarimfinaldagi qolgan 8 nafar o‘zbekistonlik bokschilarning 12 may kungi ishtirokini -54 vazn toifasidagi Oybek Jo‘rayev boshlab berdi. U harbiylar o‘rtasidagi jahon chempioni rossiyalik Dmitriy Dvaliga qarshi ringga ko‘tarilib, 5:2 hisobida zafar quchdi. 

-67 kg vazn toifasida esa Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yarimfinal jangini mo‘g‘ulistonlik Misheyel Battumurga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobidagi g‘alaba bilan finalga yo‘l oldi. 

Uchinchi yarimfinal jangida esa A’loxon Abdullayev braziliyalik Vanderley Pereyraga qarshi ringga ko‘tarildi va 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu vakillarimizning yarimfinaldagi birinchi yo‘qotishi bo‘ldi va Abdullayev bronza medali bilan cheklanadi. 

 -92 kg vazn toifasidagi Lazizbek Mullojonov esa chorakfinalda Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi va 4 karra jahon chempioni Sezar La Kruzni mag‘lub etgach, bu safar rossiyalik jahon chempioni va Tokio-2020 Olimpiadasi kumush medali sohibi Muslim Gajimagomedovga qarshi jang qildi. Uch raund davom etgan bahsda Mullojonov nomdor raqibiga yutqazdi – 1:4. U ham turnirda bronza medali bilan cheklanadigan bo‘ldi. 

Beshinchi yarimfinal jangida -51 kg vazn toifasidagi Hasanboy Do‘smatov ispaniyalik Martin Molinaga qarshi ringga chiqdi. Jang davomida Olimpiada-2016 g‘olibi finalga munosib ekanligini ko‘rsata oldi – 5:0. Bu Do‘smatovning faoliyatidagi JChdagi ikkinchi final bo‘ladi. 

Oltinchi yarimfinalda esa Abdumalik Xalokov qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Uuluga qarshi jang qildi va 1-raunddayoq raqibidan ustun keldi va texnik g‘alaba bilan final yo‘llanmasiga ega chiqdi.