Turkiya «Respublika xalq partiyasi» rahbari, muxolifatdagi «Xalq koalitsiyasi»dan prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyaning saylovoldi fitnalarini uyushtirganiga aniq «dalillari» borligini aytdi. 

11 may kuni u Rossiya hukumatiga rus tilida murojaat qilib, saylov jarayoniga noqonuniy aralashganlikda ayblagan edi. 

«Turkiyada fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, Turk davlatidan qo‘lingizni torting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz», deb yozgan edi u Twitter sahifasida. 

«Agar bizda aniq dalillar bo‘lmaganida, men buni yozmagan bo‘lardim», dedi u Reuters agentligiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya bu borada Rossiyaning Turkiyadagi elchixonasiga murojaat qilmagan. 

«Biz boshqa davlatning Turkiyadagi siyosiy partiya manfaatini ko‘zlab, saylov jarayoniga aralashishini qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Men bu haqda butun dunyo bilishini istardim, shu tufayli buni ochiq e’lon qildim», dedi u. Qilichdoro‘g‘li Rossiya qaysi partiya manfaatini ko‘zlaganiga aniqlik kiritmadi. 

Qilichdoro‘g‘lining izohlari Rossiya rasmiylarining izohlaridan oldin yangradi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Qilichdoro‘g‘liga bunday ma’lumot bergan odamlarni yolg‘onchi ekanini va Rossiya Turkiya bilan aloqalarini juda qadrlashini aytdi. 

Qilichdoro‘g‘li Turkiyaning Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega ekanini ta’kidlab, tashqi siyosatda va Moskva bilan munosabatlarda yaxshi muvozanatga erishishiga ishora qildi. 

«Biz munosabatlarimizni saqlab qolmoqchimiz, do‘stona munosabatlarimizni buzmoqchi emasmiz, lekin ichki ishlarimizga aralashishga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi u. 

Shuningdek, Qilichdoro‘g‘li 14 may kuni saylovda g‘alaba qozonsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasida yana bir tinchlik tashabbusi uchun harakat qilishini aytdi.