Toshkentda o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatining oxirgi kunida O‘zbekiston boks jamoasi yana 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Dastlab Oybek Jo‘rayev (-54 kg) chempionlik uchun ringga ko‘tarildi. Ammo u qozog‘istonlik Mahmud Sabirxan bilan jangda yutqazdi va kumush medal bilan kifoyalandi.
Abdumalik Xalokov (-57 kg) esa finalda kubalik Siyedel Xorta ustidan g‘alaba qozondi va oltin medalga ega chiqdi. U 2 yil muqaddam Serbiyada o‘tgan dunyo birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritgandi.
Toshkentdagi jahon chempionatida debyut qilgan Ruslan Abdullayev (-63,5 kg) ham musobaqani oltin medal bilan yakunladi. U finalda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsuxdan ustun keldi.
Saidjamshid Jafarov (-71 kg) esa kutilmaganda final jangida yutqazib qo‘ydi. Qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovga qarshi jangda unga tajriba yetishmadi va u ham kumush medal bilan kifoyalandi.
13 may kungi final bahslarida qatnashgan o‘zbekistonlik uch bokchsi – Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-67 kg), Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) va Bahodir Jalolov (+92 kg) o‘z janglarida g‘alaba qozonishgandi. Yarimfinal bahslarida yutqazgan A’loxon Abdullayev (-75 kg) va Lazizbek Mullojonov (-92 kg) jamoa hisobiga bittadan bronza medallarni taqdim etishgandi.
4 nafar bokschi Shodiyor Meliqo‘ziyev (-48 kg), Mujibillo Tursunov (-60 kg), Jasur Yo‘ldoshev (-80 kg) va Shohjahon Abdullayev (-86 kg) musobaqani medalsiz yakunlashdi.
Ma’lumot uchun, turnir chempionlari – 200 ming, kumush medal sohiblari – 100 ming, bronza egalari – 50 ming AQSh dollari pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasi turnirda 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza – jami 9 ta medal olib, medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham birinchi bo‘ldi. Qozog‘iston 4 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.















